Tojikiston milliy universitetida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan yangi kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Fevral 14, 2026. 15:30 • 2 daq
• 154DUSHANBE, 14-fevral. /“Dunyo” AA/. Buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Tojikiston milliy universitetida professor O‘rvatullo Toirovning tojik tilida yozilgan “Ba olam shoiron sohibzamonand” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur yangi nashr Alisher Navoiyning mashhur “Majolis un-nafois» tazkirasiga bag‘ishlangan bo‘lib, XV asr sheʼriyati tarixi, nazariyasi va estetikasini o‘rganuvchi tadqiqotchilar hamda filologiya fakulteti talabalari uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirda O‘zbekistonning Tojikistondagi Elchisi Ergash Shaismatov, universitet filologiya fakulteti dekani Emomali Sirojiddinov, oliygoh professor-o‘qituvchilari va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqan maʼruzachilar Alisher Navoiyning o‘rta asrlar adabiyotidagi o‘rni va uning turkiy hamda forsiy sheʼriyat o‘rtasidagi o‘ziga xos madaniy ko‘prik sifatidagi rolini yuqori baholadilar. Ayniqsa, Navoiy va Jomiy o‘rtasidagi do‘stlik namunasi bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari uchun “Umumiy tarix – umumiy kelajak” shiori ostida yangi maʼno kasb etayotgani alohida qayd etildi.
Elchi Ergash Shaismatov o‘z nutqida ikki davlat rahbarlarining ilm-fan, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Mazkur yangi asar nafaqat adabiyotshunoslik sohasidagi muvaffaqiyat, balki ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi maʼnaviy rishtalarning navbatdagi ifodasi bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


