YUNESKOda Xalqaro ona tili kuni keng nishonlandi
Fevral 23, 2026. 09:00 • 2 daq
• 265PARIJ, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. YUNESKO bosh qarorgohida O‘zbekiston doimiy vakolatxonasi tashabbusi bilan Bangladesh doimiy vakolatxonasi va tashkilot kotibiyati hamkorligida Xalqaro ona tili kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro ona tili kuni 1999-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan eʼlon qilingan va har yili 21 fevralda nishonlanadi. Ushbu xalqaro sana til va madaniy xilma-xillikni targ‘ib qilish va himoya qilishga, shuningdek, anʼanalar, qadriyatlar va anʼanaviy bilimlarni avloddan-avlodga yetkazishda ona tillarining muhim rolini eʼtirof etishga xizmat qiladi.
Joriy yilda shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarda YUNESKO bosh direktori Xaled al-Anani, YUNESKO Bosh konferensiyasi raisi Xondker Muhammad Talxa, YUNESKO Ijroiya kengashi raisi Nasser Hamad Hinzab, aʼzo davlatlar taʼlim va madaniyat vazirlari hamda boshqa yuqori martabali shaxslar va ekspertlar ishtirok etdi.
Xususan, “Tinchlik, taʼlim va barqaror rivojlanish uchun til” mavzusidagi oliy darajadagi uchrashuv doirasida ko‘p tilli taʼlim tizimlarini yaratishda erishilgan yutuqlar, sohadagi ilg‘or tajribalar, shuningdek, tinchlik, barqaror rivojlanish va inklyuzivlikni ilgari surishda ko‘p tilli taʼlimning ahamiyati muhokama qilindi.
O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi ishtirokchilarga mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining taʼlim olishi, ona tilini o‘rganishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Shuningdek, o‘zbek tilining beqiyos so‘z boyligi, ifoda imkoniyatlari, boy adabiy merosi va o‘ziga xos tarixiy taraqqiyot yo‘liga ega ekanligi taʼkidlandi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning o‘zbek tili rivojiga qo‘shgan hissasi, boy adabiy merosi alohida qayd etildi.
Ishtirokchilarga yurtimizda o‘zbek tilini ilmiy asosda o‘rganish, uni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va imkoniyatlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar haqida so‘zlab berildi.
Bundan tashqari, Xalqaro ona tili kunini nishonlash doirasida milliy taomlar festivali tashkil etildi. Tadbir mehmonlariga o‘zbek milliy taomlari, jumladan, Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbek palovi taqdim etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



