Sankt-Peterburgda Navoiy va Bobur ijodiga bag‘ishlab “Bilimdonlar bellashuvi” o‘tkazildi
Fevral 17, 2026. 08:10 • 2 daq
• 189SANKT-PETERBURG, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning boy madaniy va adabiy merosini ommalashtirish hamda Sankt-Peterburg shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshlarni birlashtirish maqsadida madaniy tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bosh konsulxona tomonidan Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalari va dizayn universitetida tashkil etilgan tadbirda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda Bosh konsul Abdurahmon Mahmudov Navoiy va Boburning o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi, ularning ulkan adabiy merosi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Leningrad viloyati mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, millatlararo va konfessiyalararo munosabatlar qo‘mitasi ekspert-maslahatchisi Vladimir Mixaylenko Navoiy merosining turkiy davlatlar adabiyotida tutgan o‘rni va tarixiy xotirani asrab-avaylashdagi o‘rni haqida gapirdi.
Mutafakkirlarning ijodiga bag‘ishlab tayyorlangan musiqiy-sheʼriy chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Sanʼatkorlar, talabalar va bolalar Navoiy va Bobur g‘azallari asosida sheʼrlar o‘qidi va qo‘shiqlar kuyladi, milliy cholg‘u asboblari jo‘rligida o‘ziga xos autentik muhit yaratildi.
Tadbirning intellektual qismida Sharq mutafakkirlari Navoiy va Boburga bag‘ishlangan “Bilimdonlar bellashuvi” bo‘ldi. Jamoalar buyuk mutafakkirlarning hayoti va faoliyati haqidagi bilimlar bo‘yicha bellashdi. Jamoada turli davlat vakillari ishtirok etib, xalqlar do‘stligini qo‘llab-quvvatladi. Musobaqa yakunida g‘oliblar esdalik sovg‘alari va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




