O‘zbekiston Prezidenti ko‘p qutbli dunyo shakllanayotgan sharoitda “ShHT plyus” formati va BMT o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rsatdi
Sentabr 01, 2026. 16:25 • 3 daq
• 59
TOSHKENT, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun “BMT adolatli dunyo tartibotining asosiy bo‘g‘ini sifatida: “SHHT plyus” davlatlarining ko‘p qutbli dunyoni shakllantirishga qo‘shayotgan hissasi” mavzusidagi “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda tashkilotga aʼzo davlatlar delegatsiyalari va uning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlari bilan bir qatorda, kuzatuvchi va hamkor mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqa xalqaro tuzilmalarning yuqori lavozimli mansabdorlari ham qatnashdi.
O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar sharoitida BMT va mintaqaviy tuzilmalarning roliga to‘xtalib o‘tdi.
– Davlatlar va mintaqaviy birlashmalar global institutlarga ularning universal vazifasini yana-da samarali amalga oshirishda qanday ko‘mak berishi mumkinligini belgilab olish muhimdir, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Ushbu yondashuvga ko‘ra, BMT o‘zining markaziy, muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolishi, mintaqaviy tuzilmalar esa avvalo mahalliy sharoitlar, ehtiyojlar va imkoniyatlarga tayangan holda umumiy tamoyillar va qarorlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashish orqali uning saʼy-harakatlarini to‘ldirishi lozim.
Bunday mantiqdan kelib chiqilganda, “ShHT plyus” formati davlatlar, mintaqalar va tashkilotlarni umumiy kun tartibi atrofida birlashtira olishi, bu yerda turli tashabbuslarni o‘zaro uyg‘unlashtirish va global boshqaruv arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha muloqot olib borish mumkinligi tufayli alohida chuqur mazmun kasb etadi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Yevroosiyo makonida ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori.
– Biz uchun o‘zaro bog‘liqlik – strategik mustaqillik va barqarorlik masalasidir. Biz shunday ko‘p qutblilik tarafdorimizki, u yangi ajratuvchi chiziqlarni yaratmaydi, balki imkoniyatlar makonini kengaytiradi, mintaqaviy loyiha va tashabbuslar o‘zaro raqobatlashmaydi, balki bir-birini samarali to‘ldiradi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Uchrashuv kun tartibidan kelib chiqib, qator istiqbolli takliflar ilgari surildi.
Avvalo, “ShHT plyus” formatini barqaror o‘sish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, iqlimga moslashish, inson kapitalini rivojlantirish, hammabop taʼlim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirish taklif etildi.
Tajriba almashish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va BMT doirasida yechimlarni birgalikda ilgari surish maqsadida “ShHT plyus” formati mintaqaviy tashkilotlarning Hamkorlik tarmog‘ini yaratish uchun platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ustuvor vazifalardan biri esa BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy tashkilotlar salohiyatidan yana-da faol foydalanish sanaladi.
Tajriba almashish mexanizmi sifatida tabiatdan foydalanish, “yashil” energetika, raqamli xizmatlar hamda sog‘liqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirish taklif etildi.
Keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
– Biznes barcha joyda bozorlarga kirish tartib-taomillarining soddalashtirilishi, transchegaraviy yo‘laklarning ishga tushirilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ko‘rinishida amaliy natijalarni his qilishi lozim, – dedi Prezidentimiz.
Samaradorlikning ana shunday aniq ko‘rsatkichlariga erishish maqsadida “ShHT Invest” forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma tusini berish tashabbusi ilgari surildi.
Siyosiy tizimlari, madaniy anʼanalari va xalqaro jarayonlarga qarashlari turlicha bo‘lgan davlatlarning hamkorlik borasida to‘plangan noyob tajribasini yana-da rivojlantirish maqsadida “ShHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini taʼsis etish hamda ushbu tadbirni ilm-fan va maʼrifatning qadimiy markazi bo‘lgan Xiva shahrida o‘tkazish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida “ShHT plyus” formati zamon taqozo etayotgan muloqot maydoni ekanini, mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasidagi mushtaraklik nuqtalari qanchalik ko‘p bo‘lsa, barqarorlik hamda o‘zaro ishonch uchun asos shunchalik mustahkam bo‘lishini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi