O‘zbekiston elchisi Pokiston sobiq bosh vaziri bilan uchrashdi
May 20, 2026. 10:25 • 2 daq
• 41
LAHOR, 20 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Lahor shahriga tashrifi doirasida Pokiston sobiq bosh vaziri, “Pokiston musulmon ligasi – N” partiyasi yetakchisi Navaz Sharif bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, hududlararo kooperatsiyani kengaytirish hamda ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasidagi sheriklikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Navaz Sharif O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar va ularning amaliy natijalari Pokiston tomonida katta qiziqish uyg‘otayotganini maʼlum qildi. Xususan, jahondagi murakkab iqtisodiy va geosiyosiy vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyotining so‘nggi yillarda 7–8 foiz atrofida barqaror o‘sish surʼatlarini namoyon etayotgani yuksak baholandi.
O‘zbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar muhokamalarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Jumladan, Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Samarqand shahrida qayta barpo etilgan Imom al-Buxoriy majmuasi va Toshkent shahrida bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Pokiston aholisida katta qiziqish uyg‘otayotgani urg‘ulandi.
“O‘zbekiston – bizning ikkinchi Vatanimiz. Bobur va boshqa buyuk ajdodlarimiz sizlarning zaminingizdan yetishib chiqqan. Shuningdek, O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkor va yaqin do‘st davlatlardan biri sifatida qadrlaymiz. Mintaqadagi vaziyat barqarorlashganidan so‘ng, O‘zbekiston bilan hamkorlik va aloqalarni yana-da kengaytirish niyatidamiz”, – dedi sobiq bosh vazir.
Shuningdek, Pokiston tomoni “Toshkent – Lahor” yo‘nalishida qo‘shimcha aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani qo‘llab-quvvatlagan holda, yaqin kelajakda Karachi shahri bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.
Tomonlar hududlar rahbarlarining O‘zbekiston va Pokistonga tashriflarini tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratdilar. Tashriflar doirasida ikki mamlakatning to‘qimachilik, farmatsevtika, chorvachilik, teri va junni qayta ishlash sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan uchrashuvlar va biznes-forumlar o‘tkazish muhimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Islomobod shahrida barpo etilayotgan “Bobur” bog‘i loyihasi xususida ham fikr almashildi. Navaz Sharif mazkur tashabbusni yuqori baholadi. Shuningdek, Islomobod shahrida “Toshkent” ko‘chasi ochilgani ham alohida qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Xanchjou shahrida O‘zbekiston–Xitoy taʼlim va gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi



