O‘zbekiston elchisi BAA energetika va infratuzilma vaziri uchrashuv o‘tkazdi
May 12, 2026. 15:55 • 2 daq
• 87
ABU-DABI, 12-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.
Unda BAA kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan energetika va infratuzilma loyihalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari uchun birodar mamlakat ekani, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan yaqin va ishonchli munosabatlarni yana-da kengaytirish lozimligi alohida taʼkidlandi.
BAA tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni, eng avvalo, xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. O‘zbekistondagi raqamlashtirish jarayonlari, turli sohalarga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, qonunchilik bazasini takomillashtirish mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishining muhim omillari sifatida eʼtirof etildi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat hukumatlari darajasida qo‘shma loyihalar ijrosini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgani, yangi tashabbuslar esa aynan shu mexanizm orqali muvofiqlashtirilayotgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, 2019-yilda “Abu Dhabi Uzbek Investment” kompaniyasining tashkil etilishi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim qadam bo‘lgani taʼkidlandi. Mazkur kompaniya O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarni birgalikda moliyalashtirishning samarali mexanizmi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muloqot yakunida Suhayl Muhammad al-Mazruiy V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




