O‘zbekiston delegatsiyasi Sautgemptonda muhim muzokaralar o‘tkazdi

May 11, 2026. 13:30 • 3 daq

183
O‘zbekiston delegatsiyasi Sautgemptonda muhim muzokaralar o‘tkazdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Sautgemptonda muhim muzokaralar o‘tkazdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Sautgemptonda muhim muzokaralar o‘tkazdi

LONDON, 11-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning Sautgempton shahriga amaliy tashrifi amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu xizmat safari Buyuk Britaniyaning turli hududlari bilan savdo, investitsiya, madaniy-gumanitar hamda oliy ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Sautgempton Angliyaning janubida, Xempshir grafligida joylashgan yirik port shahar bo‘lib, barqaror rivojlanib borayotgan iqtisodiy markaz hisoblanadi. Shahar iqtisodiyoti hajmi taxminan 10 milliard funt sterlingni tashkil etadi. Bu yerda 115 mingdan ortiq ish o‘rni mavjud bo‘lib, 7 400 dan ziyod kompaniya faoliyat yuritadi.

Mazkur shahar dunyo miqyosida dengizchilik markazi sifatida tanilgan va Buyuk Britaniyaning eng yirik kruiz portlaridan biri hisoblanadi. Har yili bu port orqali taxminan 2 million yo‘lovchi sayohat qiladi. Dengizchilik va logistika sohasi mamlakat iqtisodiyotiga yiliga qariyb 2,5 milliard funt hissa qo‘shadi.

Shahar ta’lim va innovatsiyalar markazi sifatida ham mashhur. Bu yerda joylashgan Sautgempton universiteti dunyodagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar orqali mamlakat iqtisodiyotiga yiliga 4 milliard funtdan ortiq hissa qo‘shadi.

Sautgemptonda sanoat, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va logistika sohalari yaxshi rivojlangan. Ayniqsa, transport va ombor xizmatlari so‘nggi yillarda jadal o‘sib, shaharning xalqaro logistika markazi sifatidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.

Tashrif davomida Sautgempton shahar lord meri, Sautgempton universiteti hamda “BAT” kompaniyasining Global tadqiqot va rivojlantirish markazi rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Lord mer Jeyms Beyli O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, jumladan iqtisodiyotni liberallashtirish, tashqi savdoni rivojlantirish va ta’lim tizimini modernizatsiya qilish sohasidagi o‘zgarishlarni yuqori baholadi. U Sautgempton va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Ayniqsa, ta’lim, tibbiyot, turizm va mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi.

Sautgempton universiteti vitse-prezidenti Filipp Rayt bilan uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistonda Britaniya ta’lim standartlarini joriy etish, qo‘shma diplom dasturlari (“dual diploma”), franchayzing asosida dasturlarni tashkil etish, shuningdek o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi.

1862-yilda tashkil etilgan Sautgempton universiteti “Russell Group” tarkibiga kiruvchi nufuzli tadqiqot universitetlaridan biri hisoblanadi. U xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab keladi. “QS World University Rankings 2026” reytingiga ko‘ra, u dunyoda 87-o‘rinni, milliy reytinglarda esa 17-o‘rinni egallagan.

Suhbat davomida Sautgempton universiteti va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, atrof-muhitni muhofaza qilish va Orol dengizi muammosi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borish, shuningdek hamshiralar malakasini oshirish va qayta tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, “BAT” kompaniyasining Global tadqiqot va rivojlantirish markaziga tashrif chog‘ida kompaniyaning chekishni kamaytirishga qaratilgan global strategiyasi, ilmiy yondashuvlari va innovatsion yechimlari bilan tanishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish