O‘zbekiston elchisi va Islomobod shahar hokimi Pokiston poytaxtida qurilayotgan «Bobur» bog‘i va «Toshkent» ko‘chasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar

May 12, 2026. 08:10 • 3 daq

113
O‘zbekiston elchisi va Islomobod shahar hokimi Pokiston poytaxtida qurilayotgan «Bobur» bog‘i va «Toshkent» ko‘chasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar
O‘zbekiston elchisi va Islomobod shahar hokimi Pokiston poytaxtida qurilayotgan «Bobur» bog‘i va «Toshkent» ko‘chasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar
O‘zbekiston elchisi va Islomobod shahar hokimi Pokiston poytaxtida qurilayotgan «Bobur» bog‘i va «Toshkent» ko‘chasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar

ISLOMOBOD, 12-may. /“Dunyo” AA/.  O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Islomobod shahar ma’muriyati raisi (hokimi) Sohail Ashraf bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Islomobod shahrida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilayotgan «Bobur» bog‘i va «Toshkent» ko‘chasi loyihalarini yanada takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston-Pokiston o‘rtasida hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Pokiston tomoniga 2026-yil iyun oyida O‘zbekistonda Birodarlashgan shaharlar forumi o‘tkazilishi haqida ma’lumot berildi. Islomobod shahri va Toshkent hamda Samarqand shaharlari bilan birodarlik aloqalari o‘rnatilgani inobatga olgan holda, Pokiston poytaxti ma’muriyati vakillari mazkur forumda ishtirok etishi, shuningdek, Farg‘ona shahri bilan birodarlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha yangi bitim imzolash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Rasmiy muzokaralardan so‘ng tomonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi doirasida bunyod etilishi e’lon qilingan «Bobur» bog‘iga tashrif buyurib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishdilar.

O‘zbekiston elchisi «Bobur» bog‘ining loyihasi va qurilish ishlarining borishi haqida batafsil ma’lumot berdi.

– Bog‘ qurilishi o‘zbekistonlik dizaynerlar va mutaxassislari nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Hudud muhitini yanada chiroyli qilish uchun ekologik toza ko‘chatlar ekish va landshaft ishlari bajariladi, – dedi elchi. – Kelgusida, ushbu bog‘ O‘zbekiston va Pokiston xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, birodarlik hamda umumiy tarixiy va madaniy rishtalar ramziga aylanadi.

Islomobod shahar ma’muriyati raisi Sohail Ashraf mazkur loyihani yuksak baholab, bunday muhim tashabbus uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.

– Qurilish ishlari yakunlangach, mazkur bog‘ nafaqat Islomobod, balki butun Pokistondagi eng go‘zal va zamonaviy dam olish maskanlaridan biri bo‘lishiga ishonchim komil, – dedi u. – Loyihani amalga oshirish jarayonida Islomobod shahar ma’muriyati tomonidan barcha zarur ko‘mak ko‘rsatiladi. «Bobur» bog‘i loyihasining yuqori darajada ishlab chiqilgani, unda qo‘llanilgan me’moriy va landshaft yechimlari bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu munosabat bilan, shahrimizdagi bog‘ va hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha shunga o‘xshash konsepsiyalarni ishlab chiqish uchun o‘zbekistonlik dizayner va loyihachilarni jalb etishga tayyormiz.

Bog‘ga tashrif davomida mavjud daraxtlarni saqlab qolish, «yashil» hududlar maydonini kengaytirish va ekologik muhitni asrash muhim ekani ham ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari va Islomobod shahar ma’muriyati raisi Pokiston poytaxtida barpo etilayotgan «Toshkent» ko‘chasiga tashrif buyurib, uni namunali va zamonaviy shahar ko‘chalaridan biriga aylantirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalarni belgilab oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish