Asad Majid Xon: O‘zbekiston IHTda amalga oshirilgan qator muhim islohotlar meʼmori sanaladi
Sentabr 02, 2026. 12:02 • 4 daq
• 57
TEHRON, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Asad Majid Xon “Dunyo” axborot agentligi orqali O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtdoshlarimizga tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalambor, mustaqillikning 35 yilligi hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘n yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi butun xalqni samimiy muborakbod etaman.
Biz ham tashkilotda ushbu muhim sana hamda mamlakatingiz so‘nggi o‘n yil ichida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini nishonladik. O‘zbekistonning so‘nggi yillarda amalga oshirgan islohotlariga nazar tashlar ekanmiz, ko‘plab yutuqlarni qayd etish mumkin.
Bu, albatta, O‘zbekistonning ichki taraqqiyoti va mamlakatning so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirgan keng ko‘lamli islohotlaridir. O‘ylaymanki, natijalarning o‘zi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi: yalpi ichki mahsulotning olti foizdan yuqori o‘sishi, keng ko‘lamli va istiqbolli loyihalar, soliq sohasidagi o‘zgarishlar, valyuta bozorining erkinlashtirilishi – bu yutuqlarning barchasi, shubhasiz, eʼtiborga loyiqdir.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlarni namoyon etayotgan, jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini doimiy ravishda mustahkamlab borayotgan tashkilot aʼzosi biz uchun, tabiiyki, faxr va iftixor manbaidir.
Xuddi shu fikrni O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan hamda iqtisodiy va savdo erkinlashuviga amalda yo‘l ochib bergan huquqiy va konstitutsiyaviy islohotlarga nisbatan ham aytgan bo‘lardim.
Konstitutsiyaviy islohotlardan so‘ng O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, shuni ayta olamanki, bu o‘zgarishlar xalqning yana-da kengroq ishtirok etishiga hamda mamlakatda yuz berayotgan jarayonlarda jamoatchilik faolligining mustahkamlanishiga xizmat qildi.
O‘zbekistonning mintaqamizning bir qismi va tashkilotimizning aʼzosi sifatidagi o‘rni katta. O‘ylaymanki, bu borada ichki islohotlar O‘zbekistonning tinchlik ishiga hissa qo‘shishiga, taraqqiyot tajribasi bilan almashishiga hamda nafaqat o‘z xalqi, balki butun mintaqa farovonligini taʼminlash yo‘lidagi saʼy-harakatlariga yaqqol yordam berdi va ko‘maklashdi.
IHTning bosh qarorgohi joylashgan Tehrondagi biz uchun eng muhimi – O‘zbekistonning tashkilotimizdagi o‘rnining beqiyosligi va faol aʼzoligidir. Ayniqsa, Prezident Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston juda faol hissa qo‘shayotganini alohida taʼkidlash lozim.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sermahsul g‘oyalar mualliflaridan biridir. Shuningdek, u IHTda yillar davomida amalga oshirilgan qator tarkibiy va institutsional islohotlar meʼmoridir.
Eng muhimi, biz hozir ishlab chiqayotgan va yakunlash arafasida turgan yangi konsepsiya Prezident Shavkat Mirziyoyevning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi strategik hamkorlikning yangi maqsadlariga oid taklifiga asoslanadi.
O‘ylaymanki, O‘zbekiston vazirlar darajasidagi uchrashuvlarni muntazam va izchil o‘tkazib, IHTning XVI sammiti hamda Vazirlar kengashi yig‘ilishlariga mezbonlik qilib, o‘zining faol hissasini qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, ayni paytda bir qator takliflar ishlab chiqilmoqda. Bu g‘oyalarning aksariyati muhtaram Prezident Janobi Oliylaridan chiqmoqda: Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini tashkil etish, IHT “yashil yo‘laklari”, IHT Yoshlar platformasi, innovatsion hamkorlikni rivojlantirish hamda IHTning transport va bojxona xizmatlarini raqamlashtirish shular jumlasidandir.
Men yaqinda, iyun oyida IHTga aʼzo davlatlar atrof-muhit vazirlarining yig‘ilishida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurdim. Ushbu uchrashuvda chang bo‘ronlari va cho‘llanishdan erta ogohlantirish bo‘yicha mintaqaviy tizim yaratish taklifi ilgari surildi.
Bu tashabbus butun mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining ortishi va yerlar degradatsiyasi munosabati bilan biz duch kelayotgan ayrim ekzistensial tahdid va muammolarni hal etishga butun mintaqani jalb qilishga qaratilgan.
O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida umumiy ishlarimiz va faoliyatimizning faol, samarali va sermahsul ishtirokchisi bo‘lib kelmoqda va buning uchun biz undan juda minnatdormiz.
O‘zbekiston hukumati va xalqini islohotlarning o‘n yilligi hamda mustaqillikning 35 yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Ushbu islohotlar jarayoni davom etishi hamda O‘zbekiston xalqining barqaror o‘sishi, yaʼni taraqqiyot, tinchlik va butun dunyo bilan integratsiyalashuv yo‘lidan yana-da oldinga borishiga hissa qo‘shishini tilab qolaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi