AQShning Massachusets texnologiya institutida “O‘zbek kitoblari burchagi” tashkil etildi
Yanvar 30, 2026. 15:44 • 58 soniya
• 16TOSHKENT, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. “University of Business and Science” oliy taʼlim muassasasi tashabbusi bilan O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi va so‘nggi yillardagi islohotlarini aks ettiruvchi kitoblar jamlanmasi dunyoning eng nufuzli oliygohi — Massachusets texnologiya institutining Hayden markaziy kutubxonasiga taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
AQShning Boston shahrida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda ushbu noyob to‘plam Massachusets texnologiya instituti (MIT) kutubxonasi direktori Kris Burgga rasman topshirildi. Endilikda jahonning yetakchi ilm-fan maskanida maxsus “O‘zbek kitoblari burchagi” doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadi.
Mazkur jamlanma 120 dan ortiq ilmiy, tarixiy va adabiy asarlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, o‘zbek davlatchiligi va madaniyati haqida kompleks maʼlumot beruvchi fundamental manbalardan tashkil topgan. To‘plamdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlari, Yangi O‘zbekiston tarixi, islom sivilizatsiyasi va tasavvuf merosi, jadidchilik harakati hamda XX asr o‘zbek adabiyoti durdonalari joy olgan.
Endilikda Massachusets texnologiya institutining olimlari, tadqiqotchilari va talabalari Yangi O‘zbekistonning rivojlanish bosqichlari hamda milliy qadriyatlari haqida ishonchli manbalar asosida ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu tashabbus milliy merosimizni global ilmiy makonga olib chiqish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash yo‘lidagi strategik qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


