Logo

Toshkent–Atirau o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Yanvar 30, 2026. 12:42 • 55 soniya

5
Toshkent–Atirau o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

ATIRAU, 30-yanvar. / “Dunyo” AA/. Atirau shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakili hamda Atirau viloyati hokimi o‘rinbosari Qayrat Nurtayev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda viloyat yo‘lovchi transporti, turizm hamda investitsiyalar boshqarmalari vakillari ham ishtirok etib, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston hududlari va Atirau viloyati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovining yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik, madaniy va ishbilarmonlik aloqalarini sezilarli darajada faollashtirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Atirau viloyati hokimiyati vakili yangi aviareyslarni ochish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etishda va loyihani amaliyotga tatbiq qilishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Bu qadam mintaqalararo logistika imkoniyatlarini oshirishda muhim bo‘g‘in bo‘lishi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida Toshkent–Atirau yo‘nalishi bo‘yicha yangi muntazam reysni ochish hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida turistik va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yangi aviaqatnov nafaqat yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, balki ikki qardosh xalq o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga imkon beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish