Logo

O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida viza tartibini soddalashtirish va mehnat migratsiyasi masalalari muhokama qilindi

Yanvar 30, 2026. 11:48 • 53 soniya

116
O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida viza tartibini soddalashtirish va mehnat migratsiyasi masalalari muhokama qilindi

TOSHKENT, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Tashqi ishlar vazirligida Ispaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi (qarorgohi Moskva shahrida) muvaqqat ishlar vakili Mariya Asunson Sanches Ruis bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan migratsiya oqimlarini diversifikatsiya qilish va O‘zbekiston fuqarolarining mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Ispaniya bu borada istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar dolzarb konsullik masalalarini, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv doirasida Ispaniya tomoniga Harakatchanlik va migratsiya to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolash, O‘zbekistondan mehnat migrantlarini qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga jalb qilish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirish borasida fikr-mulohaza almashildi. Shuningdek, O‘zbekistonni Ispaniyada ishga joylashtirish uchun xorijiy ishchilarni tashkillashtirilgan yollash tizimiga (GECCO) kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Ispaniya tegishli idoralari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik va muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi. Kelgusidagi hamkorlik, shu jumladan, migratsiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari tasdiqlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish