Logo

O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi

Yanvar 27, 2026. 17:27 • 7 daq

145
O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi

TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi Toshkent shahri respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaganini, bir so‘z bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, qayerda hayot yaxshilansa, daromad ko‘paysa, o‘sha yerda “yengil pul topish” harakatida bo‘lgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo bo‘ladi.

Lekin huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Poytaxtning huquq-tartibot idoralari rahbarlari respublikaga namuna bo‘lmayotgani, buning uchun poytaxtda resurs ham, kuch-vositalar ham, ilmiy salohiyat ham yetarli bo‘lishiga qaramasdan, haligacha eski “qolip”dan chiqib keta olmayotgani tanqid qilindi.

Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy bo‘g‘in – mahalla profilaktikasi. Biroq Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi to‘g‘ri tashkil etilmagani uchun muammolar to‘planib qolgani qayd etildi.

Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik, bezorilik bo‘yicha, Yunusobod bosqinchilik bo‘yicha birinchi o‘rinda. Yoki o‘tgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng ko‘p bo‘lgan.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i R.Sultonxo‘jayev, Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi A.O‘rmonovga “hayfsan” berilib, olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.

Yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralarining hamkorligi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga masʼul o‘rinbosarining tizimni raqamlashtirish bo‘yicha ishlarida hali sezilarli natija ko‘rinmayotgani tanqid qilindi. Vazirlikdagi kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining ishi sustligi qayd etildi.

Prezidentimiz narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurash bo‘yicha narkokanallarning oxirgi manbasi va homiylarigacha yetib borish uchun masʼullarda qatʼiyat yo‘qligini tanqid qildi.

Chet elga borib olib, uyushgan jinoiy guruhlar tashkil qilgan, u yerda o‘zimizning fuqarolarni ham talayotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yishdagi sustkashliklar qayd etildi.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq maʼmurchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani taʼkidlandi. Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sunʼiy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni byudjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygan.

Ushbu yo‘nalishlarga javobgar bo‘lgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev ishdan olindi.

Davlatimiz rahbari “O‘zbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida milliardlab so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini maʼlum qildi.

Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborgan. Shu bois, agentlik direktori A.Ortiqov ishdan olindi. 

Yaqinda Administratsiya va davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Qisqa muddatda byudjetga tushum, talon-toroj, moliyaviy kamchiliklar bo‘yicha 53 trillion so‘m va tashqi savdo operatsiyada 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik aniqlangani o‘ta ayanchli holat ekani qayd etildi. Korrupsiyaviy sxemalar bo‘yicha 4,2 trillion so‘m zarar aniqlanib, 1,3 trillion so‘mi undirildi, 55 nafar shaxs qamoqqa olindi.

Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari B.Abdullayev va departament boshlig‘i R.Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun masʼullar faoliyatini ham tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani qayd etildi.

Masʼul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha jilovni qo‘lga olishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu 4 ta yo‘nalish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, jarayon birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanadi. Jumladan, xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi.

Prezidentimiz yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.

Tumanda jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi. Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tunu kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tadi. Patrul guruhlariga huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi.

Tumandagi 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda o‘z boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega bo‘ladi, mustaqil qaror qabul qiladi va masʼuliyatni ham to‘liq zimmasiga oladi.

Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga bazaviy hisoblashning 5 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi.

Ilg‘or tajriba asosida aholi gavjum joylarda dron yordamida patrullik kuzatuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Chilonzor tumani ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qatʼi nazar, fuqaro murojaatini qabul qiladi, ko‘chada formali xodimga qilingan murojaat “102”ga xabar bergan bilan teng bo‘ladi.

Tumandagi barcha 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bog‘lanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Yaʼni profilaktika inspektori qayerda bo‘lmasin, aholi uni qo‘l telefoni va planshetiga tunu kun bog‘lanishi mumkin bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari narkojinoyatlarga qarshi kurash masalasiga alohida to‘xtaldi.

Sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilib, to‘lov kriptovalyutada bo‘layotgani, narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, qonunchilikda davlat organlarining bu boradagi vazifalari ham aniq ko‘rsatilmagan. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi. Endilikda agentlikning masʼuliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baho berish vakolati beriladi.

Mutasaddilarga transchegaraviy va virtual maydonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Ichki ishlar vazirligida uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha alohida xizmat tashkil qilinadi.

O‘tgan yili poytaxtda ushlangan uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida 259 nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar va sportchilar bo‘lgani o‘ta tashvishli hol ekani qayd etildi.

Sportchilarning aksariyati ko‘cha bezorisiga aylanib ketayotgani, joylarda pul uchun yashirin janglar tashkil qilish holatlari ko‘paygani qayd etildi. Mutasaddilarga bu yo‘nalishda nazoratni taʼminlash, jangovar sport turlari bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni kasbga o‘qitib, salohiyatiga mos ish bilan band qilish tizimini yaratish topshirildi.

Bugun turli radikal va ekstremistik g‘oyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinyapti. Faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmasligi taʼkidlandi.

Bundan buyon poytaxtning har bir tumanida “Qaytaruv guruhlari” faoliyati doimiy asosda tashkil qilinadi.

Kiberjinoyatlar kundan-kunga ko‘payib, uning turlari 18 tadan 62 taga chiqdi. Ayniqsa, shaxsiy maʼlumotlarni o‘g‘irlash, sunʼiy intellekt orqali ovoz va yuz qiyofasini o‘xshatish, zararli fayllarni tarqatish avj olyapti. O‘zlashtirilgan mablag‘lar kriptovalyuta shaklida chetga chiqarilmoqda.

Bularni tezkor fosh etish va to‘xtatish uchun huquq-tartibot xodimlari kibertexnologiyalar va sunʼiy intellektni mukammal egallashi lozimligi qayd etildi. 

Shu bois, Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil qilinadi va unga vazirning o‘zi masʼul bo‘ladi. Adliya vazirligida kiberjinoyatchilik va raqamli huquq bo‘yicha alohida boshqarma ochiladi.

Kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish, malakali va fidoyi kadrlarni rag‘batlantirish doimiy eʼtiborda bo‘lishi taʼkidlandi.

Shu bois, profilaktika inspektorlarini yana-da qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi obro‘sini oshirish bo‘yicha qator yangiliklar eʼlon qilindi.

Jumladan, joriy yil 1 iyuldan poytaxtdagi profilaktika xodimlariga aynan shu sohada ko‘p yillik staji uchun 5 million so‘mgacha oylik ustama beriladi. 1 fevraldan yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlar tizimiga ishga kirganlarga oliygohda o‘qigan davri ham stajga qo‘shiladi. Viloyatdan kelib, poytaxt ichki ishlar idoralarida ishlayotgan xodimlarning uy ijarasiga oylik to‘lov 1,8 million so‘mdan 3,1 million so‘mga oshiriladi. Ichki ishlar xodimlari uchun qurilayotgan uylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga beriladi.

Mutasaddilarga ichki ishlar organlarining aholi bilan bevosita ishlovchi, jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi tuzilmalarini yangi tizimga o‘tkazish bo‘yicha farmon loyihasini kiritish topshirildi.

Ushbu bo‘linmalar uchun xizmatni o‘tash, muomala madaniyati, tezkor harakatlanish, kuch va qurol ishlatish bo‘yicha yagona standartlar joriy etilib, ular servis tuzilmaga aylanishi belgilandi.

Adliya tizimini ham kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada birinchi qadam sifatida Adliya vazirligi tomonidan huquq-tartibot idoralarining faoliyatini “huquqiy audit”dan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. “Huquqni muhofaza qilish faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, adliya organlarining aniq roli, yangi vazifa va vakolatlari belgilanadi.

Davlatimiz rahbari muhokama qilingan boshqa sohalarda ham mavjud qonun hujjatlarini takomillashtirish, yangilarini qabul qilish zarurligini taʼkidladi.

Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan masʼullarga javobgarlik choralari belgilandi, ularga nisbatan qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi.

Yig‘ilishda huquq-tartibot idoralari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish