Kuala-Lumpur shahrida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida “Umra +” ziyorat turizmi bo‘yicha qo‘shma loyihalarga start berildi
Yanvar 25, 2026. 11:15 • 3 daq
• 37KUALA-LUMPUR, 25-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko‘magida “Umra +” ziyorat turizmi dasturini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan media-brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekiston Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari uyushmasi, “Uzbekistan Airways” AJ, Malayziyaning “MATA” “Bumitra” va “PAPUH” kabi ziyorat turizmi, haj va umra bo‘yicha sayyohlik assotsiatsiyalari rahbarlari, mahalliy turkompaniyalar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qatnashchilarga mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonda 2026-2027-yillarda Malayziya va Indoneziyadan ziyorat turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimi 100 ming nafarga yetkazilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan qator chora-tadbirlar, ziyoratchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan turoperatorlarga berilayotgan imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi islom tamaddunida chuqur iz qoldirgan tarixiy shaharlarimizning keng imkoniyatlari namoyish etildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqand shahridagi yana-da kengaytirilgan Imom al-Buxoriy majmuasi ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari uyushmasi va Malayziya turizm operatorlari uyushmasi o‘rtasida “Umra +” turizm dasturi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolanib, qo‘shma amaliy loyihalarga start berildi.
Ziyorat turizmi bo‘yicha ekotizimni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish hamda shu yilning 18 iyunida Malayziyada, 27-28-iyun kunlari O‘zbekistonda butunjahon ziyorat turizmi festivalini birgalikda tashkil etishga kelishib olindi.
Tadbirda ishtirok etgan “Bernama”, “RTM”, “AlHijrah”, “TVS” kabi Malayziyaning yetakchi OAVlari vakillari O‘zbekistonning “Umra +” turizm dasturi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Jefri Sulaymon, Malayziya turizm operatorlari assotsiatsiyasi (MATA) raisi o‘rinbosari:
– Bugun O‘zbekiston va Malayziya turizm assotsiatsiyalari o‘rtasida tarixiy hamkorlik memorandumini imzoladik. Ushbu hujjat yaqin kelajakda Malayziyadan O‘zbekistonga “Umra +” dasturi bo‘yicha tashrif buyuradigan ziyoratchilar sonining oshishiga xizmat qilishiga ishonamiz.
O‘zbekiston Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi rahbariyati bilan ilk bor Kuala-Lumpur shahrida joriy yilning 21-23-iyun kunlari yirik “Umra plyus va ziyorat turizmi” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasini tashkil etishga kelishib oldik.
2026 yilda Malayziya turizm operatorlari uyushmasiga aʼzo turkompaniyalar tomonidan O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyatini mahalliy aholi orasida keng targ‘ib qilishni rejalashtirganmiz.
Abdul Rahim bin Abdullah, Malayziyada Haj va Umraga yuboruvchi turkompaniya rahbari:
– O‘zbekistondagi turoperatorlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz. 2025-yilda O‘zbekistonga qator malayziyalik sayyohlar guruhlarini jo‘natdik. Turpaketlarimizni harid qilgan malayziyaliklar Buxoro, Samarqand va Toshkent shahrining tarixiy va madaniy turizm salohiyati bilan yaqindan tanishishga musharraf bo‘ldi.
Mamlakatingizning boy madaniy merosi, islom dunyosiga oid ziyoratgohlari va tarixiy shaharlari, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi malayziyaliklar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbekistonda ziyoratchi sayyohlar uchun tashkil etilayotgan infratuzilma va qulayliklarga guvoh bo‘lib turibmiz.
Ikki mamlakatlarni bog‘lab turuvchi haftasiga sakkiz marotaba amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar mijozlarimizga qulaylik yaratmoqda. Bugungi tadbir doirasida O‘zbekiston va Malayziya tur assotsiatsiyalari o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ziyorat turizmi sohasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirishga zamin yaratishi shubhasiz.
Samarqandda joylashgan Imom al-Buxoriy yangilangan majmuasi bunyod etilganidan mamnunmiz. Albatta, joriy yilda ushbu ziyoratgohga tashrif buyurish uchun qator sayyohlik guruhlarini yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. O‘zbekistonni malayziyaliklar orasida tashrif buyurishi shart bo‘lgan manzil sifatida keng targ‘ib qilishni davom ettiramiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



