“Business Central Asia”: O‘zbekiston moliya tizimini transformatsiya qilmoqda
Yanvar 25, 2026. 09:00 • 2 daq
• 11
DEHLI, 25-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “Business Central Asia” jurnalining yanvar oyidagi sonida O‘zbekiston moliya sektorining bugungi holati va rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda O‘zbekiston milliy bank tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishning keng qamrovli bosqichiga qadam qo‘ygani qayd etilgan.
O‘zbekiston ilk bor Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki tomonidan tashkil etilgan Moliyaviy sektorni baholash dasturida (Financial Sector Assessment Program — FSAP) ishtirok etdi. Maqola muallifining yozishicha, ushbu audit mamlakat moliyaviy arxitekturasining bank nazorati va xavf-xatarlarni boshqarish samaradorligi, to‘lov tizimlarining ishlashi, inqirozga qarshi chora ko‘rish mexanizmlari va makroprudensial siyosat kabi muhim yo‘nalishlarini qamrab oldi.
O‘zbekiston 2026-yilda Bazel qo‘mitasining samarali bank nazorati bo‘yicha 29 ta asosiy tamoyilini to‘liq joriy etishni rejalashtirmoqda.
Jurnal mazkur ulkan maqsadga erishish uchun strategik vazifalar belgilab olingani hamda ular qatoriga, jumladan, barcha tijorat banklarining moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga to‘liq o‘tishi, Bazel III regulyator talablarini joriy etish va Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish kiritilganini maʼlum qilgan.
Maqola muallifi soha rivojlanishining eʼtiborga molik ko‘rsatkichlariga alohida to‘xtalib o‘tgan. Xususan, oxirgi yetti yil ichida O‘zbekiston tijorat banklarining aktivlari 5,3 baravarga o‘sdi. Bugungi kunda mamlakatda 35 ta bank faoliyat ko‘rsatmoqda.
Nashr O‘zbekiston moliya bozorining investitsiyaviy jozibadorligi oshib borayotganini taʼkidlagan. 2017-yildan boshlab O‘zbekiston bank sektoriga uchta yirik xorijiy bank kirib kelgani xalqaro moliya institutlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi.
“Business Central Asia” jurnalidagi ushbu maqola O‘zbekiston moliya tizimida kechayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganining ifodasidir. Normativ bazani dunyoning yetakchi standartlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar milliy bank sektorining barqarorligi, shaffofligi va raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda, bu esa mamlakatimizning barqaror iqtisodiy o‘sishi uchun muhim asos bo‘lmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
