Ozarbayjonlik mehmonlar qadimiy Buxoroni ziyorat qildilar

Avgust 24, 2026. 17:35 • 2 daq

151
Ozarbayjonlik mehmonlar qadimiy Buxoroni ziyorat qildilar

TOSHKENT, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari hamrohligida Buxoroning jahonga mashhur tarixiy obidalari – Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualari, Ko‘kaldosh madrasasini ziyorat qildilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, oliy martabali mehmonlarga ushbu noyob obidalarning tarixi, meʼmoriy xususiyatlari hamda Sharqda ilm-fan, madaniyat va shaharsozlik rivojidagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tashrif Ismoil Somoniy tomonidan barpo etilgan Somoniylar maqbarasidan boshlandi. Ushbu obida 1993-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Shundan so‘ng yetakchilar ko‘p asrlar davomida Buxoroning siyosiy va maʼmuriy markazi bo‘lib kelgan qadimiy Ark qalʼasiga tashrif buyurdilar. Arxeologik va tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, qalʼa uzoq davr mobaynida shakllanib kelgan va yaqin o‘tmishdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi vazifasini bajargan. Bugungi kunda Ark shaharning eng mashhur obidalaridan biri va Buxoro tarixiy markazining muhim qismi hisoblanadi.

Poyi Kalon majmuasi – Markaziy Osiyoning eng salobatli meʼmoriy majmualaridan biri. 1127-yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng eʼtiborli inshooti bo‘lib, asrlar davomida nafaqat Buxoro meʼmorchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qog‘ozi” bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda Shayboniylar davridagi tarixiy Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.

Oliy martabali mehmonlarda Labi Hovuz majmuasi ham katta taassurot qoldirdi. U qadimiy hovuz atrofida qurilgan va eski Buxorodagi eng mashhur jamoat maskanlaridan biri hisoblanadi.

Bu yerda Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi joylashgan. Shaharning ushbu go‘shasi asrlar davomida aholi, sayyohlar va ilm ahlini o‘ziga jalb qiluvchi maskan bo‘lib kelgan hamda o‘rta asrlardagi Buxoroning betakror muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.

Tashrif davomida xalq hunarmandchiligi namunalari hamda tarixiy obidalarga tushirilgan badiiy bezaklarning xususiyatlari ham namoyish etildi.

Ozarbayjonlik mehmonlarga Buxoroning Buyuk Ipak yo‘lidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, taʼlim va savdo markazlaridan biri sifatidagi ko‘p asrlik tarixi haqida so‘zlab berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish