“News Mark”: O‘zbekiston “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Orolbo‘yida saksavulzorlar barpo etilmoqda

Avgust 24, 2026. 15:30 • 2 daq

52
“News Mark”: O‘zbekiston “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Orolbo‘yida saksavulzorlar barpo etilmoqda

BERLIN, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “News Mark” nashrida O‘zbekistonning “Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan o‘rmon-melioratsiya ishlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi Kristian Grosse qurigan Orol dengizi tubi qum, tuz va chang bo‘ronlarining muhim manbaiga aylanganini taʼkidlagan. Uning fikricha, saksovul ekish nafaqat ekologik tiklanish, balki aholi va infratuzilma, jumladan, O‘rta yo‘lak transport obyektlarini chang-to‘zondan himoya qilishga ham xizmat qiladi.

Nashr maʼlumotiga ko‘ra, Orolbo‘yidagi yashil himoya maydonlari 2 million gektardan oshgan. Shuningdek, 2021-yilda boshlangan “Yashil makon” loyihasi doirasida besh yil ichida 1 milliard tup daraxt va buta ekish maqsad qilingan.

Maqolada atrof-muhitni monitoring qilishning raqamli usullari ham joriy etilayotgani qayd etilgan. Xususan, 605 mingdan ziyod daraxtga elektron raqamlar berilgan.

Bundan tashqari, materialda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida cho‘llanishga qarshi kurashish hamda iqlim o‘zgarishiga chidamli saksovul turlarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish