Logo

“Berliner Zeitung” gazetasi: “Nima uchun O‘zbekiston gender tenglik global reytinglarida keskin yuqoriga ko‘tarildi”

Mart 14, 2026. 11:40 • 3 daq

9
“Berliner Zeitung” gazetasi: “Nima uchun O‘zbekiston gender tenglik global reytinglarida keskin yuqoriga ko‘tarildi”

BERLIN, 14-mart. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning nufuzli “Berliner Zeitung” gazetasining onlayn nashrida mamlakatimiz gender tenglik va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida xalqaro reytinglarda dunyo mamlakatlari orasida ancha yuqori o‘ringa ko‘tarilgani haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston jamiyatda ayollar tengligini taʼminlash bo‘yicha keng qamrovli tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Xalqaro reytinglar esa mamlakatning bu siyosati o‘z natijasini berayotganini ko‘rsatmoqda, deb yozadi nashr.

Taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda xalqaro gender tenglik reytinglarida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilangan. “Gender tenglik va boshqaruv” (Global Governance Forum) indeksida mamlakatimiz 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egallagan. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun 2026” (Women, Business and the Law 2026) hisobotida esa 190 davlat orasida 43 pog‘onaga ko‘tarilib, 48-o‘ringa chiqqan. Bu yutuqlarga qonunchilik sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida erishilgan, xususan, gender tenglik tamoyillari mamlakatning yangilangan konstitutsiyasi, milliy rivojlanish strategiyasi va 110 dan ortiq huquqiy-meʼyoriy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan.

Huquqiy baza bo‘yicha O‘zbekiston Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, 100 balldan 82,1 ball to‘plagan - bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha 67 balldan ancha yuqori. Eng yuqori baholar harakatlanish erkinligi, oila, ish haqi, bolalarni parvarishlash va mulk huquqlari kabi toifalarga berilgan.

Hisobotga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalaridagi talabalarning 54 foizini qizlar tashkil etadi - 2026-yilda ular soni 904 mingdan oshgan. Shuningdek, stajyor-tadqiqotchilar, ilmiy xodimlar va doktorantlarning 61 foizini ham xotin-qizlar tashkil etadi. Ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat tomonidan moliyalashtiriladigan o‘qish o‘rinlari soni 2 mingtadan 4 mingtagacha yetkazilib ikki barobar oshirildi. Xalqaro “Coursera” onlayn taʼlim platformasi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston generativ sunʼiy intellekt bo‘yicha taʼlim olayotgan qizlar ko‘pchilikni (58,9 foiz) tashkil etadigan dunyodagi yagona davlatdir. 2024-yilgi parlament saylovlaridan buyon Qonunchilik palatasidagi o‘rinlarning 38 foizi, Senatda 27 foiz va mahalliy kengashlarda 32,5 foizi ayollarni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlari kengaytirilib, qishloq hududlaridagi xotin-qizlar uchun maxsus mikrokreditlar va o‘quv dasturlari, ularni mehnat bozoriga, ayniqsa IT va xizmatlar sohasiga kengroq jalb qilishga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirilmoqda. “Hukumat qarori bilan ayollarga avtobus yoki yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlashni taʼqiqlovchi cheklov ham bekor qilingan”, deb yozadi nashr.

Maqolada, Euronews maʼlumotiga tayangan holda, 2025 yilda 380 mingdan ortiq ayol tadbirkorlikni boshlash uchun jami 1,52 milliard yevro miqdorida kredit olgani, kreditlar, mentorlik va o‘quv dasturlari orqali taxminan 2,3 million ayol daromadli ish bilan taʼminlangani qayd etilgan. “BRB Bank”ning o‘zi ayollar boshqaruvidagi 11 mingdan ortiq korxonani taxminan 29,34 million yevro bilan moliyalashtirgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston gender tengligini rag‘batlantirish bo‘yicha muhim qadamlar tashladi, deya eʼtirof etadi manba. 2023-yilda ayollarga nisbatan tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Ushbu hujjat ilk bor himoya orderlari va huquqbuzarlarga nisbatan jazo choralarini qo‘llashni nazarda tutadi. 2023-yilda yangilangan konstitutsiyada erkaklar va ayollar tengligi hayotning barcha sohalarida aniq belgilab qo‘yilgan. Institutsional jihatdan Ayollar qo‘mitasi kuchaytirilgan, favqulodda holatdagi ayollar uchun hududiy murojaat markazlari tashkil etilgan va gender tengligi bo‘yicha milliy strategiya qabul qilingan.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish