“BMB AGRO” korxonasi FSSC 22000 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi
Yanvar 12, 2026. 15:58 • 2 daq
• 61
TOSHKENT, 12-yanvar. /“Dunyo” AA/. “BMB AGRO” korxonasi FSSC 22000 oziq-ovqat xavfsizligi menejmenti tizimining xalqaro sertifikatini oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida qishloq xo‘jaligini tubdan modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda milliy mahsulotlarni jahon bozorlariga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
“BMB HOLDING” tizimidagi “BMB AGRO” korxonasining xalqaro FSSC 22000 oziq-ovqat xavfsizligi menejmenti tizimi sertifikatini qo‘lga kiritishi olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasi hisoblanadi.
FSSC 22000 sertifikatining olinishi ishlab chiqarish va qayta ishlash zanjirining barcha bosqichlari xalqaro normativ talablarga javob berishini texnik jihatdan tasdiqlaydi. Bu esa korxonalarda zamonaviy boshqaruv tizimlari joriy etilishi, ishlab chiqarish madaniyati va masʼuliyatining yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Maʼlumki, FSSC 22000 – GFSI (Global Food Safety Initiative) tomonidan tan olingan, jahon miqyosida eʼtirof etilgan nufuzli sertifikat hisoblanadi. Uning joriy etilishi ishlab chiqarish jarayonlarida biologik, kimyoviy va fizik xavflarni tizimli ravishda aniqlash, baholash va nazorat qilish mexanizmlari samarali ishlayotganini ko‘rsatadi.
Ushbu sertifikatning mavjudligi “BMB AGRO” mahsulotlarining AQSH, Yevropa Ittifoqi kabi yuqori fitosanitariya va xavfsizlik talablariga javob berishini taʼminlaydi. Eksport geografiyasini kengaytirish, xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli va barqaror shartnomalar tuzish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Eng muhimi, bunday xalqaro standartlarning mahalliy korxonalarda joriy etilishi O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, milliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda mamlakatimizning ishonchli agrar eksportyor sifatidagi nufuzini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi