Logo

Toshkentda "TransLogistica Uzbekistan – 2025" 21-xalqaro ko'rgazmasi ish boshladi

Noyabr 11, 2025. 10:47 • 3 daq

161
Toshkentda "TransLogistica Uzbekistan – 2025" 21-xalqaro ko'rgazmasi ish boshladi

TOSHKENT, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun poytaxtimizdagi "O'zekspomarkaz" MKMda "TransLogistica Uzbekistan – 2025" transport va logistika bo'yicha 21-xalqaro ko'rgazmasi ish boshladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Shu yil 13 noyabrigacha davom etadigan ushbu xalqaro ko'rgazma logistika tizimlarini takomillashtirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, transport va logistika yo'nalishida AKTni keng qo'llash, eng muhimi, soha mutaxassislarini bir maydonda birlashtirish maqsadida o'tkazilmoqda.

Tadbir "Iteca Exhibitions" xalqaro ko'rgazma kompaniyasi va uning hamkori "ICA Eurasia Group" tomonidan tashkil etildi. Unda AQSh, BAA, Belarus, Germaniya, Koreya Respublikasi, Latviya, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Shveysariya, Qozog'iston, Hindiston, O'zbekiston kabi davlatlarning ko'plab mashhur kompaniyalari qatnashmoqda.

Mazkur ko'rgazma ko'p yillik tajribaga ega, Yevropa, MDH, Osiyo va Shimoliy Amerikada ofislar tarmog'iga ega bo'lgan, xalqaro transport va logistika tizimidagi nufuzli, kumush homiy – "ASSTRA-Associated Traffic AG" kompaniyasi tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat qo'mitasi, Transport vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Toshkent shahar hokimligi ham ko'rgazmaning yuqori saviyada o'tishida rasmiy ko'makchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

2004 yilda ilk bor tashkil etilgan "TransLogistica Uzbekistan" ko'rgazmasi hozirda O'zbekistondagi sohaning yetakchi ko'rgazmasi bo'lib, mamlakat transport sohasini rivojlantirishga katta hissa qo'shmoqda. Ko'rgazmaning davlat idoralari va tijorat tashkilotlari uchun ahamiyati mavjud yo'nalishlarning rivojlanishi va o'zgarishi hamda yangi transport yo'nalishlarini faol izlash tufayli dolzarb bo'lib kelgan.

Bu yil ko'rgazmada an'anaviy ravishda avtomobil, dengiz, temir yo'l, multimodal, havo transporti, logistika kabi yirik sektorlarning turli texnologiyalari namoyish qilinmoqda. Elektron tijoratning tez o'sishi fonida tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan "Omborlar va ombor texnologiyalari" yo'nalishiga alohida e'tibor qaratilgan.

Ko'rgazma ishtirokchilari yuk tashish kompaniyalari, yuk mashinalari, konteynerlar, temir yo'l vagonlari, dengiz va havo kemalari, terminallar, omborlar va port infratuzilmasi egalari bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilish hamda tijorat yuklarini manzilga yetkazish bo'yicha fikr almashmoqda.

AQShning "Logenix International", Rossiyaning "Daobit", "Transmashxolding", Belarusning "APS" kabi taniqli xorijiy kompaniyalar transport logistikasi, mashinasozlik va ta'minot zanjiri boshqaruvi sohasidagi zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni taqdim etishmoqda.

Ko'rgazmada debyutantlar orasida Germaniyaning "WR Logistics", "Artes GmbH", Turkiyaning "Mutlular Transport Limited Sirketi", "Anka Intermodal Logistics", BAAning "Al Bayan Logistics L.L.C.", Hindistonning "ABS Logistics Pvt. Ltd", Rossiyaning "Negabaritika" hamda O'zbekistonning "KH Lego Group. LLC" kabi kompaniyalarni uchratish mumkin. Ilk bor qatnashayotgan bu kompaniyalar xalqaro tashish, multimodal logistika va katta o'lchamli yuklarni tashish sohasidagi zamonaviy texnikalarni namoyish qilishyapti.

Mahalliy kompaniyalar orasida "Uzbekistan Airports", "Uzbekistan Airways", "O'ztemiryo'lkonteyner", "Centrum Logistics Group", "FLY KHIVA", "First Dry Port Terminal" va boshqa kompaniyalar ishtirok etayotganini ko'rish mumkin.

Latviya milliy stendi an'anaviy ravishda ko'rgazmaga tashrif buyuruvchilarning e'tiborini tortadi. Bu yil unda Ventspils erkin porti boshqarmasi, Riga erkin porti, Latviya temir yo'llari va Liyepaya maxsus iqtisodiy zonasi ishtirok etadi. Kompaniyalar yuk tashish, bojxona, port va xalqaro multimodal logistika xizmatlarining to'liq spektrini namoyish etdi.

Belarus Respublikasining jamoaviy stendida sohaning yetakchi kompaniyalari – "Belintertrans" davlat korxonasi, "Minskiy vagonoremontniy zavod" OAJ, "Gomelskiy vagonostroitelniy zavod" YOAJ, "Brestskiy elektrotexnicheskiy zavod" OAJ, "Gomelskiy elektromexanicheskiy zavod" OAJ, "Genty-Spedition" MCHJ va "Transaviaeksport" OAJ harakatlanuvchi tarkibni ishlab chiqarish, ta'mirlash va integratsiyalashgan logistika sohasidagi yechimlarni namoyish qilyapti.

Ko'rgazmaning ochiq maydonida Xitoy va O'zbekistonning "Xiangyang Tenglong Automobile" hamda mahalliy "Viterra" kompaniyalari o'z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Bu yerga tashrif buyuruvchilar siqilgan tabiiy gaz (CNG) bilan ishlaydigan "SYC6850CNG" shahar avtobusining 8,6 metrli modeli, turli soha korxonalari uchun mo'ljallangan omborxonalar uchun stellaj tizimlarini ko'zdan kechirmoqda.

Shuningdek, xalqaro ko'rgazma doirasida O'zbekiston Transport vazirligi tomonidan "Uzbekistan Airports, Aviation and Logistics Forum" xalqaro aviatsiya va logistika forumi tashkil etildi.

Xullas, ishtirokchilar ko'rgazmada nafaqat eng so'nggi texnologiya va uskunalarni ko'rish, balki ishbilarmonlik muloqoti, yangi hamkorlik aloqalarini o'rnatish va tajriba almashish imkoniga ham ega bo'lishmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish