Logo

Tilshunos olimlar o‘zbek va hindiy tillarida 5 mingdan ortiq umumiy so‘zlar mavjudligini qayd etmoqda

Yanvar 12, 2026. 15:15 • 2 daq

78
Tilshunos olimlar o‘zbek va hindiy tillarida 5 mingdan ortiq umumiy so‘zlar mavjudligini qayd etmoqda
Tilshunos olimlar o‘zbek va hindiy tillarida 5 mingdan ortiq umumiy so‘zlar mavjudligini qayd etmoqda

DEHLI, 12-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi Butunjahon hindiy tili kuniga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bayram doirasida Hindiston jamoatchiligi va diplomatik korpus vakillariga ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy-gumanitar aloqalar, shuningdek, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev o‘zbekistonliklar uchun hindiy tili ohanglari qadrdon ekanini, mintaqalar o‘rtasidagi tarixiy va madaniy rishtalar tillarning uzviy qatlamlariga qadar singib ketganini alohida taʼkidladi.

Tilshunos olimlar o‘zbek va hindiy tillarida 5 mingdan ortiq umumiy so‘zlar mavjudligini eʼtirof etishi qayd etildi.

Bugungi kunda Toshkent dunyodagi yetakchi hindshunoslik markazlaridan biri hisoblanadi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 1947-yilda asos solingan hind filologiyasi kafedrasi minglab mutaxassislarni tarbiyalab chiqargan.

O‘zbekistonning qator ixtisoslashtirilgan o‘rta maktablarida o‘quvchilar yoshligidanoq hindiy tilini o‘rganmoqda. Har yili o‘nlab o‘zbek talabalari tilni chuqur o‘rganish uchun Hindiston oliy o‘quv yurtlariga keladi, o‘qituvchi va tadqiqotchilar esa Dehlidagi Javoharlaʼl Neru universiteti, Agradagi Markaziy hindiy tili instituti va boshqa yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikdagi almashinuv dasturlarida ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida, shuningdek, mamlakatimizning yaqin istiqboldagi taraqqiyotini belgilab beruvchi asosiy hujjat – «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining ijrosi haqida so‘zlab berildi. Strategiyaning global chaqiriqlarga moslashuvini aks ettiruvchi 2026-yilga mo‘ljallangan yangilangan vazifalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Raqamli transformatsiya, davlat boshqaruvi tizimi va milliy iqtisodiyotga sunʼiy intellektni integratsiya qilish masalalariga katta ahamiyat berilayotgani urg‘ulandi.

Izchil islohotlar doirasida chet ellik investorlar uchun kafolatlarni mustahkamlash va global kapitalni jalb qilish uchun xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ijtimoiy adolatni taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun manzilli ijtimoiy yordam mexanizmlarini joriy etish kabi muhim vazifalar hal etilmoqda.

Tadbir ishtirokchilarining diqqati «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat barpo etishga xizmat qilishiga qaratildi.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish