Logo

Toshkentda elektronika, xavfsizlik va innovatsiya yo'nalishidagi xalqaro ko'rgazmalar boshlandi

Noyabr 11, 2025. 12:44 • 5 daq

102
Toshkentda elektronika, xavfsizlik va innovatsiya yo'nalishidagi xalqaro ko'rgazmalar boshlandi

TOSHKENT, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. Toshkent shahridagi "O'zekspomarkaz" pavilyonlarida umumiy xavfsizlik tizimlarini namoyish etuvchi "Securex Uzbekistan – 2025" hamda elektronika, elektrotexnika va innovatsion texnologiyalarni taqdim qiluvchi "E-TechExpo – 2025" xalqaro ko'rgazmalari boshlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu xalqaro ko'rgazmalar "Iteca Exhibitions" xalqaro ko'rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori "ICA Eurasia Group" tomonidan tashkil etilmoqda. Qo'shma ekspozitsiyada Avstriya, Belarus, Germaniya, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Qozog'iston, O'zbekiston kabi mamlakatdan 140 ga yaqin kompaniya qatnashayapti.

Ko'rgazma innovatsion video kuzatuv va xavfsizlik yechimlarini ishlab chiqishda yetakchi bo'lgan Oltin homiy – "Hikvision" kompaniyasi tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda. Kompaniya IP-kameralar, videoregistratorlar, kirishni boshqarish tizimlari, xavfsizlik signalizatsiyalari va integratsiyalashgan platformalar kabi keng turdagi uskunalarni ishlab chiqaradi.

"Securex Uzbekistan" va "E-TechExpo 2025" ko'rgazmalarining bir vaqtda o'tkazilishi xavfsizlik va elektrotexnika sohalari mutaxassislari uchun keng qulaylik yaratmoqda. Tadbir ishtirokchilari namoyish qilinayotgan eng so'nggi uskunalar va texnologiyalar bilan tanishish hamda tegishli soha vakillari bilan samarali hamkorlikni o'rnatish imkoniga ega bo'layapti.

Davlat, jamiyat va biznesning barqaror rivojlanishi barcha jabhalarda: hukumat, axborot, sanoat, yong'in xavfsizligi, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa sohalarda xavfsizlikni ta'minlash bilan bog'liqdir. O'n olti bor tashkil etilayotgan "Securex Uzbekistan" xavfsizlik va yong'in xavfsizligi mutaxassislari eng so'nggi texnologiyalar va sanoatni rivojlantirish tendensiyalari haqida keng ma'lumot olishi mumkin bo'lgan katta platforma bo'lmoqda.

Bu yil "Securex Uzbekistan" an'anaviy ravishda xavfsizlik, kirishni nazorat qilish, elektron xavfsizlik tizimlari, yong'inga qarshi uskunalar, shaxsiy himoya vositalari, yuqori aniqlikdagi monitoring va videokuzatuv tizimlari, tarmoq yechimlari va integratsiyalashgan qo'riqlash platformalari kabi sohalarda yangi mahsulotlarni namoyish etayapti. Uchuvchisiz uchish apparatlari qo'llanilishining jadal rivojlanishi hisobga olinsa, dronlarga qarshi mudofaa tizimlari alohida e'tiborni tortadi.

"Securex Uzbekistan"da mutaxassislar xavfsizlikning asosiy sohalarida ilg'or yechimlarni o'rganish imkoniyatiga ega bo'lishmoqda. Videokuzatuv va kirishni boshqarish tizimlari bo'limida O'zbekistonning "Hikvision", Xitoyning "Sunell", "Tiandy", Koreya Respublikasining "Suprema", "KJ TECH" va Rossiyaning "Lazerniye sistemi" innovatsion kameralari, videoregistratorlar, biometrik tizimlar, "aqlli shahar", transport, logistika va sanoat obyektlari uchun integratsiyalashgan platformalarni taqdim etishmoqda.

Obyektlarni himoya qilish va milliy xavfsizlik uchun innovatsion texnologiyalari bilan mashhur "Aselsan" turk korporatsiyasi dronlarga qarshi va qo'riqlash tizimlari bo'limida debyut qildi. Doimiy ishtirokchi – yong'indan himoya qilish, xavfsizlik va elektron kirishni boshqarish tizimlarini o'z ichiga olgan innovatsion xavfsizlik yechimlarini taqdim etuvchi milliy korporatsiya "EAS" davlat chegaralari, aeroportlar, stadionlar va boshqa muhim obyektlarni himoya qilish uchun ko'chma va statsionar yechimlarni namoyish etayapti.

Germaniyaning "AP Sensing", O'zbekistonning "Shtar System", Rossiyaning "Gefest", "NII Girikord", Qozog'istonning "Egida Group" ishlab chiqaruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan yong'inga qarshi uskunalar va ogohlantirish tizimlari ko'pchilikda qiziqish uyg'otmoqda.

Integratsiyalashgan xavfsizlik va sanoat kommunikatsiyalari bo'limida Germaniyaning "ARIT Sicherheitstechnologien GmbH", Turkiyaning "KRON TEKNOLOJI", Avstriyaning "Mira Technologies" va O'zbekistonning "VANT", "SKAT", "Techno Steel Constructions" sanoat korxonalari transport infratuzilmasi va davlat muassasalari uchun ovozli tizimlar, sun'iy intellekt tahlili va robot platformalarini taqdim qilmoqda.

Rossiyaning "Energokontrakt", Xitoyning "Linyi Yunchaozhen", Qozog'istonning "NTS Design" va Belarusning "CHEFI" kompaniyalarining shaxsiy himoya vositalari, ish kiyimlari energetika, qurilish, sanoat tarmoqlari uchun yuqori texnologiyalarni taqdim etadi. Shuningdek, Belarusning "Regula" kompaniyasi tomonidan hujjatlar, banknotalar va qimmatli qog'ozlarning haqiqiyligini tekshirish uchun qo'llaniladigan texnika namoyish qilindi.

Hozirda zamonaviy elektrotexnikalar hayotning barcha sohalariga jadal kirib bormoqda. Bunday innovatsion texnologiyalar jarayonlarni avtomatlashtirish, korxona samaradorligini oshirish, xavfsizlikni ta'minlash va iqtisodiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Bu yil to'rtinchi bor o'tkazilayotgan "E-TechExpo" ko'rgazmasi yetakchi ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilarning so'nggi ishlanmalariga qiziqqan mutaxassislarda katta taassurot qoldirmoqda. Ko'rgazmada iste'molchi, sanoat, biznes uchun mo'ljallangan ilg'or texnologiyalar namoyish etilmoqda.

Jumladan, Robototexnika va avtomatlashtirish bo'limida Xitoyning "Unitree Robotics" kompaniyasining piyoda va gumanoid robotlar, manipulyatorlar va platformalar namoyish etilmoqda. Aqlli qurilmalar va iqlim nazorati bo'limiga esa Germaniyaning "STEGO" hamda Xitoyning "ANTOP" kompaniyalarining so'nggi modeldagi maishiy va avtomobil havo tozalagichlari joylashtirildi.

Ko'rgazmada Xitoyning ko'plab kompaniyalari faol ishtirok etmoqda. Jumladan,  "Shenzhen Shunlianjie Technology" kompaniyasi tibbiy, audiovizual, sanoat va aloqa uskunalari uchun Push-Pull ulagichlar, "Yuyao JERA Line" havo liniyalari va tarqatish tizimlari uchun kabel qisqichlar, "Hong Kong Cross Ocean Technology" bosma elektron platalar ishlab chiqarish va elektron modullarni yig'ish, "Shenzhen Sunny Technology", "Dongguan ICT Technology" bosma elektron platalar ishlab chiqarish, "SHENZHEN GEWUYUN Technology" mobil telefon ehtiyot qismlari va qurilmalarni yig'ish uchun aksessuarlarni namoyish etmoqda.

Mahalliy "Maybo-U" kompaniyasi zamonaviy o'lchash va sinov qurilmalarini, Rossiyaning "Elekond" ishlab chiqarish korxonasi esa sanoat, aviatsiya, elektr transporti tizimlari uchun kondensatorlar va energiya saqlash qurilmalarini taqdim qildi.

Ushbu nufuzli tadbirlarda ilk bor 100 dan ortiq mahalliy kompaniya ishtiroki kuzatilmoqda. Ularning faoliyatini keng namoyish qilishda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat qo'mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, "O'zeltexsanoat" uyushmasi, Milliy gvardiya, Bojxona qo'mitasi, Toshkent shahar hokimligi yaqindan ko'mak berib kelayapti.

Securex Uzbekistan va E-TechExpo 2025 ko'rgazmalarining biznes dasturiga tematik seminarlar kiradi, ularda mutaxassislar amaliy bilim va innovatsion yechimlarni taqdim etadilar (11-noyabr, 1 va 2-pavilyonlar orasidagi Seminarlar hududi).  

Hikvision kompaniyasining sotuv loyihalari menejeri Suxrob Isakov ta'lim sohasidagi zamonaviy yechimlarni muhokama qiladi. UNITREE ROBOTICS kompaniyasining savdo menejeri Jovi Liu ishtirokchilarni intellektual robototexnika sanoatidagi yutuqlar va tendensiyalar bilan tanishtiradi. Seminarlar ishtirokchilarga zamonaviy texnologiyalarni muhokama qilish, tajriba almashish va yetakchi sanoat mutaxassislaridan dolzarb savollarga javob olish imkonini beradi. 

Tashkilotchilar: Iteca Exhibitions xalqaro ko'rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori ICA Eurasia Group.

Qo'shimcha ma'lumot olish uchun Iteca Exhibitions matbuot xizmatiga murojaat qiling.

Tel: + (998 71) 205 18 18, E-mail: pr@iteca.uz; www.securex.uzwww.e-techexpo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish