Namangan viloyatining boy tarixiy va ma’naviy merosi Pokistonda katta qiziqish uyg‘otmoqda

Noyabr 06, 2026. 10:00 • 3 daq

• 84
Namangan viloyatining boy tarixiy va ma’naviy merosi Pokistonda katta qiziqish uyg‘otmoqda
Namangan viloyatining boy tarixiy va ma’naviy merosi Pokistonda katta qiziqish uyg‘otmoqda
Namangan viloyatining boy tarixiy va ma’naviy merosi Pokistonda katta qiziqish uyg‘otmoqda
Namangan viloyatining boy tarixiy va ma’naviy merosi Pokistonda katta qiziqish uyg‘otmoqda

ISLOMOBOD, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston hududlari, xususan, Namangan viloyati turizm salohiyatini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jumladan, ushbu mamlakatning “Associated Press of Pakistan”, “Global News Pakistan”  markaziy axborot agentliklari, “The Nation”, “World Tribune Pakistan”,  “Pakistan Observer” gazetalari, “Media Online Today”, “Newz Todays”, “The World News”, “Margalla Tribune”, “Pakistani News” va “Daily The Patriot” elektron nashrlarida “Namangan pokistonlik sayyohlarni “Ziyorat merosi” turistik yo‘nalishlari dasturi orqali O‘zbekistonga chorlaydi” sarlavhali turkum maqolalar chop etildi.

Nashrlarda O‘zbekistonning boy tarixiy va ma’naviy merosi, muqaddas qadamjolari hamda betakror madaniyati xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otayotgani hamda musulmon mamlakatlardan bo‘lgan ziyoratchilarni yanada keng jalb etish maqsadida Namangan viloyatida “Ziyorat merosi” nomli turistik yo‘nalishlari dasturi ishlab chiqilgani ta’kidlangan.

“Namangan viloyati hokimligi tashabbusi bilan tayyorlangan mazkur dastur viloyatning boy diniy, tarixiy va madaniy merosini xorijiy sayyohlarga keng tanitishni nazarda tutadi. U orqali mehmonlar nafaqat muqaddas qadamjolarni ziyorat qiladi, balki Farg‘ona vodiysining ko‘p asrlik tarixi, milliy urf-odatlari va yuksak ma’naviy qadriyatlari bilan ham yaqindan tanishadi”, — deyilgan materiallarda.

Xususan, “Ziyorat merosi” turistik dasturi viloyatning turli tuman va shaharlarida joylashgan tarixiy obidalar hamda ziyoratgohlarni qamrab olgan. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Axsikent” arxeologiya parki, Chust tumanidagi “Bibiona mozor” ziyoratgohi, Chortoq tumanidagi “Sulton Uvays Qaraniy” va “Bibi Naima ona” ziyoratgohlari yo‘nalishning muhim manzillaridan hisoblanadi. Shuningdek, Pop tumanidagi “Onalar ko‘z yoshi” majmuasi, Davlatobod tumanidagi “O‘n bir Ahmad” ziyoratgohi hamda Namangan shahridagi “Mulla Qirg‘iz Oxund” majmuasi shular jumlasidandir.

“E’tiborli jihati, yo‘nalishlar faqat ushbu manzillar bilan cheklanmaydi. Dastur viloyat bo‘ylab joylashgan yana 20 dan ortiq yirik ziyoratgoh va madaniy meros obyektlarini ham qamrab oladi. Bu esa xorijiy sayyohlarga Namanganning tarixiy va ma’naviy boyliklarini kengroq kashf etish imkonini beradi”, — deya e’tirof etgan Pokiston OAV.

Shuningdek, maqolalarda aholisining asosiy qismini musulmonlar tashkil etadigan Pokiston uchun Namanganning ziyorat maskanlari alohida qiziqish uyg‘otishi urg‘ulangan. Zero, O‘zbekiston va Pokistonni umumiy diniy qadriyatlar, boy tarixiy meros, buyuk allomalarga bo‘lgan ehtirom va asrlar davomida shakllangan ma’naviy an’analar birlashtirib turadi.

“Shu nuqtayi nazardan, Namangan viloyati bo‘yicha “Ziyorat merosi” nomli turistik yo‘nalishlar dasturi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi turizm va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun xizmat qiladi”, — deb yozgan Pokiston OAV.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish