Myanma qirg‘oqlarida ikki qayiq g‘oyib bo‘ldi, 500 kishi vafot etgan bo‘lishi mumkin

Iyul 16, 2026. 16:30 • 2 daq

99
Myanma qirg‘oqlarida ikki qayiq g‘oyib bo‘ldi, 500 kishi vafot etgan bo‘lishi mumkin
“Reuters” agentligi surati

NEYPIDO, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Myanmadagi zo‘ravonliklardan qochib, dengizda g‘oyib bo‘lgan ikkita qayiqdagi 500 nafardan ziyod kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Xalqaro migratsiya tashkiloti va BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining qo‘shma bayonotiga tayanib.

Manbalarda yozilishicha, kemalar iyun oyi oxirida Myanmaning g‘arbidagi Rakxayn shtatidan yo‘lga chiqqan. Bitta qayiqda 250 nafarga yaqin kishi bo‘lgan, biroq yo‘lga chiqqanidan ko‘p o‘tmay u bilan aloqa uzilgan. Taxminan 280 yo‘lovchisi bo‘lgan ikkinchi kema esa 8-iyul kuni Ayyarvadi shtati qirg‘oqlari yaqinida cho‘kib ketgan.

Yo‘lovchilarning aksariyati ko‘plab yillar davomida taʼqib va zo‘ravonlikka uchrab kelayotgan Myanmadagi musulmon etnik ozchiligi – rohinja xalqi vakillari edi. 1 milliondan ortiq rohinja avvalroq Bangladeshga qochib o‘tgan bo‘lib, u yerda ularning ko‘pchiligi aholi zich joylashgan qochqinlar lagerlarida yashamoqda.

BMT maʼlumotlariga ko‘ra, xavfli dengiz yo‘llari ko‘plab qochqinlar uchun mojaro hududlarini tark etishning kam sonli imkoniyatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Myanmada davom etayotgan fuqarolar urushi, harbiy hokimiyat va “Arakan armiyasi” qurolli guruhi o‘rtasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi, shuningdek, murakkab ob-havo sharoiti vaziyatni yana-da og‘irlashtirmoqda.

Xalqaro migratsiya tashkiloti va BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi qurbonlar haqidagi xabarlar hali rasman tasdiqlanmaganini maʼlum qildi. Biroq tashkilotlar fojianing ehtimoliy ko‘lamidan jiddiy xavotir bildirdi. Yil boshidan beri Andaman dengizi va Bengaliya ko‘rfazida 300 nafarga yaqin odam halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.

Xalqaro tashkilotlar qidiruv-qutqaruv ishlarini kuchaytirishga, qochqinlar uchun himoyadan foydalanish imkoniyatini taʼminlashga hamda kontrabanda va odam savdosi tarmoqlariga qarshi choralar ko‘rishga chaqirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish