Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Fevral 09, 2026. 16:25 • 3 daq

15
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Eronda Nobel mukofoti sohibasi 7,5 yilga qamaldi

Eronlik inson huquqlari himoyachisi va 2023 yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureati Nargiz Muhammadiy 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 53 yoshli Nargiz Muhammadiy “jinoyat sodir etish maqsadida yig‘ilishlarda qatnashish va fitna uyushtirish” ayblovi bilan 6 yilga, “targ‘ibot olib borish” uchun 1,5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Bundan tashqari, u ozodlikka chiqqanidan so‘ng ikki yil davomida mamlakatdan chiqib ketish huquqidan mahrum etilgan.

Manba: Advokat Mustafo Nili

***

Antoniu Joze Seguru Portugaliya prezidenti etib saylandi

So‘llarga yaqin Sotsialistik partiya (PS) nomzodi Antoniu Joze Seguru Portugaliya prezident saylovlarining ikkinchi turida o‘ta o‘ng Chega (“Yetar!”) partiyasi nomzodi Andre Venturani mag‘lub etib, g‘alaba qozondi. 63 yoshli Seguru 66,8 foiz ovoz olgan, uning 43 yoshli raqibi esa qariyb 33,2 foiz to‘plagan.

Manba: RTP

***

Livanda bino qulashi oqibatida 10 nafarga yaqin odam halok bo‘ldi

Livan shimolidagi Tripoli shahrida besh qavatli ikkita qo‘shni bino qulashi oqibatida kamida 10 nafarga yaqin odam halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohat olgan. Hodisa shaharning eng qashshoq hududlaridan biri bo‘lgan Bob al-Tabbane mahallasida sodir bo‘lgan. Ushbu qulagan bino eski bo‘lgan, unda taxminan 22 kishi yashagan.

Manba: Al Arabiya

***

Yaponiya hukmron partiyasi tarixiy g‘alabaga erishdi

Yaponiyada hukmron bo‘lgan Liberal-demokratik partiya (LDP) mamlakatning ilk ayol bosh vaziri Sanae Takaichi rahbarligida parlamentdagi 465 o‘rindan 316 tasini qo‘lga kiritdi. Bu partiya tarixidagi eng yaxshi natija bo‘ldi. Bu haqda Yaponiyaning NHK telekanali ekzit-pollar maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.

Manba: Deutsche Welle

***

Nigeriyadagi avariyada 30 kishi halok bo‘ldi

Nigeriyada sodir bo‘lgan avariya oqibatida kamida 30 nafar kishi halok bo‘lgan, yana ko‘pchilik jabrlangan. Maʼlumotlarga ko‘ra, Gudjungu shahriga yo‘l olgan yuk mashinasi haydovchining ehtiyotsizligi sabab yo‘l-transport hodisasiga uchragan.

Manba: Daily Post

***

Chexiyada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanmoqchi

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. U mamlakatni tegishli taqiq allaqachon muhokama qilinayotgan Fransiyadan o‘rnak olishga chaqirdi.

Manba: Reuters

***

Janubiy Koreyada harbiy vertolyot halokatga uchradi

Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasiga qarashli Kapxyon tumanida armiyaga tegishli AH-1C rusumli harbiy vertolyot qulab tushdi. Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, halokat Seul shahridan 55 kilometr shimoli-sharqda sodir bo‘lgan. Harbiy vertolyot bortida ikki kishi bo‘lgan. Ular og‘ir tan jarohatlari olgan va yurak urishi to‘xtagan holatda shifoxonaga yetkazilgan.

Manba: Yonhap

***

Serb Respublikasida saylov: separatist Karan g‘alaba qozondi

Bosniya va Gersegovina tarkibiga kiruvchi Serb Respublikasida prezident lavozimi bo‘yicha qisman qayta saylovlar yakuniga ko‘ra, o‘z lavozimini serb separatistlari nomzodi – sobiq ichki ishlar vaziri Sinisha Karan saqlab qoldi. U lavozimidan chetlatilgan Milorad Dodikning ishonchli shaxsi hisoblanadi. Rasmiy natijalar eʼlon qilinishidan oldin Karan o‘zini prezident deb eʼlon qildi, uning raqibi – eng yirik muxolifat partiyasidan nomzod Branko Blanush esa mag‘lubiyatni tan oldi..

Manba: Deutsche Welle

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish