Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Mart 05, 2026. 15:51 • 3 daq

30
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Germaniya Eronga qarshi urushda qatnashishdan bosh tortdi

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius mamlakati Eronga qarshi urushda ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Vazir mojarodan “chiqish strategiyasi” yo‘qligidan xavotir bildirdi. Parlamentda Eronga berilgan zarbalarni xalqaro huquq nuqtayi nazaridan baholash masalasi ham muhokama qilingan.

Manba: Deutsche Welle

***

Qirg‘iziston ham o‘z fuqarolarini Yaqin Sharqdan qaytarishni boshladi

Qirg‘iziston hukumati o‘z fuqarolarini Jidda shahridan evakuatsiya qilishni boshladi. Hozirga qadar 210 nafar qirg‘izistonlik ortga qaytarildi. Qayd etilishicha, samolyotlar Bishkek va O‘sh aeroportlariga qo‘ngan. Natijada Bishkekka 90 nafar, O‘shga esa 120 nafar qirg‘izistonlik fuqaro yetib kelgan.

Manba: 24.kg

***

AQShning Eronga qarshi urushi 210 mlrd dollarga tushishi mumkin

AQShning Eron bilan urushi Amerika iqtisodiyotiga 210 milliard dollargacha zarar yetkazishi mumkin. Bu haqda Uorton maktabi professori va moliyaviy tahlilchi Kent Smetters ta’kidlagan. Kent Smetters prognozlariga ko‘ra, hozirda iqtisodiy yo‘qotish 115 milliard dollarni tashkil etadi, ammo bu ko‘rsatkich mojaroning tabiati va davomiyligiga qarab 50 milliard dollardan 210 milliard dollargacha yetishi mumkin.

Manba: The Independent

***

Iroqda to‘liq blekaut: butun mamlakat elektrsiz qoldi

Iroqning barcha hududlarida istisnosiz elektr energiyasi uzilib qoldi. Iroq Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi elektr uzatish tarmoqlarining katta qismi avariyaviy texnik nosozlik tufayli o‘chib qolgan. Vazirlik mutaxassislari elektr ta’minotini tezroq tiklash uchun darhol ta’mirlash ishlarini boshlagan.

Manba: Deutsche Welle

***

Xominaiyning dafn marosimi noma’lum muddatga qoldirildi

Eron oliy rahbari Ali Xominaiyning chorshanba oqshomiga belgilangan davlat dafn marosimi noma’lum muddatga qoldirildi.Motam marosimlari uch kun davom etishi kerak edi va ertalab ijtimoiy tarmoqlarda hamma narsa tayyor bo‘lgani aks etgan suratlar tarqaldi. Ammo tashkilotchilar kutilmaganda marosim zarur infratuzilma yaratilmaguncha qoldirilganini ma’lum qildi.

Manba: BBC

***

AQSh Eron harbiy kemasini cho‘ktirdi, qurbonlar ko‘p

AQSh suv osti kemasi Shri Lanka qirg‘oqlari yaqinida Eronning Dena fregatini cho‘ktirdi, kamida 80 kishi halok bo‘ldi. Ushbu hodisa Vashingtonning Eron harbiy-dengiz kuchlariga qarshi harakatlari yanada kengayayotganini ko‘rsatmoqda. Fregat Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli bo‘lib, Hindistonning sharqiy portidan qaytayotgan edi.

Manba: Reuters

***

228 mln bola xavf ostida: jahonda semirish muammosi kuchaymoqda

Jahonda bolalar orasida ortiqcha vazn va semirish muammosi tez sur’atlarda kuchaymoqda. “World Obesity Atlas 2026” hisobotiga ko‘ra, 2040-yilga borib semirishdan aziyat chekayotgan bolalar soni 228 millionga yetadi. Bu tarixda birinchi marta ortiqcha vaznli bolalar soni kamvaznli bolalar sonidan oshib ketishini anglatadi.

Manba: Euronews

***

Qatar gazni suyultirish jarayonini to‘liq to‘xtatdi

Yaqin Sharqdagi notinchlik fonida Qatarning “QatarEnergy” davlat energetika kompaniyasi 4-mart kuni gazni suyultirish jarayonini to‘liq to‘xtatdi. Kompaniya kamida ikki hafta davomida zavod ishini qayta tiklamaydi. Ishni davom ettirish bo‘yicha qaror qabul qilinganidan keyin ham gazni o‘ta sovitilgan yonilg‘i holatiga keltirish va to‘liq quvvatga chiqish uchun yana ikki hafta vaqt talab etiladi.

Manba: Reuters

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish