Buxoro Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib YUNЕSKO Ijodiy shaharlar tarmog‘i konferensiyasiga mezbonlik qiladi

Oktabr 31, 2026. 14:00 • 2 daq

• 105
Buxoro Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib YUNЕSKO Ijodiy shaharlar tarmog‘i konferensiyasiga mezbonlik qiladi
Buxoro Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib YUNЕSKO Ijodiy shaharlar tarmog‘i konferensiyasiga mezbonlik qiladi
Buxoro Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib YUNЕSKO Ijodiy shaharlar tarmog‘i konferensiyasiga mezbonlik qiladi

PARIJ, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Buxoro shahri 2027-yilda YUNЕSKOning Ijodiy shaharlar tarmog‘i 19-yillik konferensiyasini qabul qiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

YUNЕSKO rasman O‘zbekistonning qadimiy shahrini mazkur muhim xalqaro tadbirni o‘tkazish joyi deb e’lon qildi. Konferensiyani Buxoroda o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil oktabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ilgari surilgan edi.

Ushbu qaror O‘zbekistonda madaniyat, kreativ industriyalar va barqaror shaharsozlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilganining yaqqol namunasidir. Buxoro Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Turkiy davlatlar tashkiloti makonida YUNЕSKOning ushbu nufuzli konferensiyasiga mezbonlik qiladigan ilk shaharga aylanadi.

Forumning asosiy mavzulari sifatida ijodiy industriyalarni rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash va undan zamonaviy sharoitda foydalanish, yoshlar hamda ijodiy kasb egalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, madaniyatning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi hissasini oshirish masalalari belgilangan.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning turistik va madaniy salohiyatini yanada keng targ‘ib qilish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda madaniyat va kreativ iqtisodiyot sohasiga yangi hamkorlar va investitsiyalarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Buxoro 1993-yildan buyon YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2023-yilda esa shahar “Hunarmandchilik va xalq ijodiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha Ijodiy shaharlar tarmog‘iga qo‘shilib, an’anaviy hunarmandchilik va madaniy almashinuvning yetakchi markazlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.

2004-yilda tashkil etilgan YUNЕSKO Ijodiy shaharlar tarmog‘i dunyoning 110 dan ortiq mamlakatidan 408 shaharni birlashtiradi. Yillik konferensiya tarmoqning asosiy tadbiri hisoblanib, u a’zo shaharlar vakillarini tajriba almashish, ijodiy industriyalar taraqqiyotini muhokama qilish va xalqaro sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish