Pokistonning yirik sanoat guruhi investitsiya takliflarini ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga biznes-delegatsiya yuboradi
Oktabr 31, 2026. 13:30 • 2 daq
• 29
ISLOMOBOD, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yirik sanoat-biznes birlashmalaridan biri “Dewan Yousuf Group” rahbari Divan Yusuf bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda raqamli iqtisodiyot va kriptoinfrastrukturani rivojlantirish, shakar hamda sement sanoatida hamkorlik qilish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Divan Yusuf O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot, kriptoaktivlar va blokcheyn texnologiyalari sohasidagi salohiyatini yuqori baholab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Xususan, u xalqaro raqamli aktivlar jamg‘armalarini jalb etish, zamonaviy raqamli platformalarni yaratish hamda kriptomayning jarayonida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini o‘rganishni taklif qildi.
Shuningdek, tomonlar shakar sanoatidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Pokiston tomoni xomashyoni import qilish, uni O‘zbekistonda qayta ishlash hamda tayyor mahsulotni ichki bozorda sotish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Shu munosabat bilan Angren shakar zavodining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalangan holda qo‘shma loyihani amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuvda sement sanoatidagi hamkorlik va savdo-logistika aloqalarini rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida kompaniya tomonidan batafsil investitsiya takliflarini tayyorlash hamda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan onlayn-konsultatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, istiqbolli loyihalarni bevosita respublikamizda o‘rganish maqsadida pokistonlik delegatsiyaning biznes-missiyasini tashkil etish rejalashtirildi.
1916-yilda asos solingan “Yousuf Dewan Companies” Pokistonning yirik sanoat-biznes guruhlaridan biri hisoblanadi. Uning faoliyati avtomobilsozlik, sement va shakar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, sintetik tolalar tayyorlash hamda tashqi savdo yo‘nalishlarini qamrab oladi. Guruh korxonalarida 4 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi