Yapon futbol akademiyalari tajribasi O‘zbekistonda joriy etiladi
Oktabr 31, 2026. 15:00 • 2 daq
• 7
TOKIO, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida taniqli yapon futbol mutaxassisi Satoru Sakuma bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida tomonlar futbol sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, jumladan, yosh futbolchilarni tayyorlash, murabbiylarning malakasini oshirish hamda futbol klublari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda yapon tajribasini O‘zbekiston futbol akademiyalarini rivojlantirish, mashg‘ulotlar jarayonini tashkil etish hamda mahalliy klublarni boshqarish tizimiga tatbiq etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Satoru Sakuma O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga, jumladan, yapon mutaxassislarini jalb qilish, kasbiy tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat tegishli sport tashkilotlari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Belgilangan tashabbuslar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatimizda yosh futbolchilarni tayyorlash imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Satoru Sakuma futbol sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, 2004-yilda Yaponiya futbol assotsiatsiyasining oliy toifadagi “S” murabbiylik litsenziyasini olgan. “Ventforet Kofu” klubida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, 2018-yildan buyon “Ventforet Yamanashi Sports Club” kompaniyasiga rahbarlik qilib kelmoqda. Bundan tashqari, u 2020-yilda yapon klubining Namangan viloyati bilan hamkorligi doirasida mazkur hududda yoshlar futbolini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi sifatida jalb qilingan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi