Moskvadan munosabat: TDT strategiyasi va O‘zbekistonning ko‘p vektorli siyosati bir-birini to‘ldirmoqda

Oktabr 31, 2026. 14:30 • 2 daq

• 76
Moskvadan munosabat: TDT strategiyasi va O‘zbekistonning ko‘p vektorli siyosati bir-birini to‘ldirmoqda

MOSKVA, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, Jamoatchilik diplomatiyasi va jahon siyosatini tahlil qilish markazi direktori Aleksandr Vorobyov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga amaliy tashrifi hamda Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– O‘zbekiston Prezidentining Anqaraga tashrifi muhim voqeadir. Zero, Turkiya va TDTga a’zo boshqa davlatlar bilan keng qamrovli aloqalarni mustahkamlash Toshkent uchun strategik ahamiyatga ega.

Bu, bir tomondan, O‘zbekistonning g‘arbiy yo‘nalishda (Janubiy Kavkaz, Turkiya, Janubi-Sharqiy Yevropa) transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirishdan manfaatdorligi, ikkinchi tomondan esa sanoat va qishloq xo‘jaligining yirik sarmoya va ko‘p mehnat talab qiladigan tarmoqlariga investitsiya hamda texnologiyalarni jalb etish, gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish zarurati bilan bog‘liqdir.

TDT yetakchisi sifatida Turkiya uchun ham, tashkilotning boshqa a’zolari uchun ham bugungi kunda O‘zbekiston salmoqli iqtisodiy, demografik va madaniy salohiyatga ega tayanch davlat sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

TDTning rivojlanish strategiyasi va O‘zbekistonning bir vaqtning o‘zida bir nechta – shimoliy (Rossiya), janubiy (Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston) hamda sharqiy (XXR) yo‘nalishlarda puxta o‘ylangan ko‘p vektorli siyosat yuritishga bo‘lgan intilishi bir-birini mukammal to‘ldiradi.

O‘zbekistonning TDT, jumladan, Turkiya bilan aloqalari mustahkamlanishi Yevroosiyoning global siyosiy va iqtisodiy poydevorini shakllantirishga salmoqli va ijobiy hissa qo‘shib, barqaror hamda izchil rivojlanish uchun qulay sharoit yaratadi.

TDT doirasidagi muzokaralar yakunlari O‘zbekistonning tashkilot bilan bir vaqtning o‘zida bir nechta sohalar – logistika, savdo, sanoat kooperatsiyasi va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorligiga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish