AQSH va Eron o‘zaro zarbalar almashishni davom ettirmoqda
Iyul 17, 2026. 11:00 • 3 daq
• 120
VASHINGTON–TEHRON, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH ketma-ket oltinchi kundirki Eronga zarbalar berishda davom etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “CNN” telekanaliga tayanib.
AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) maʼlum qilishicha, hujum operatsiyalaridan maqsad mamlakatning harbiy salohiyatini yana-da zaiflashtirishdan iborat.
Maʼlumotlarga ko‘ra, o‘nlab harbiy obyektlar, qirg‘oq kuzatuv nuqtalari, havo hujumidan mudofaa tizimlari, logistika infratuzilmasi va dengiz kuchlariga qarashli inshootlar nishonga olingan.
Shu bilan birga, amerikalik harbiylar Eron portlarini qamal qilish doirasida O‘mon ko‘rfazidagi neft tankerini ko‘zdan kechirgani va cheklov hududidan o‘tishga uringan uchta tijorat kemasini boshqa yo‘nalishga burib yuborganini taʼkidladi.
O‘z navbatida, Eron ommaviy axborot vositalari zarbalar fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga ham tekkanini qayd etdi. Xabarlarda ko‘priklar, temiryo‘l vokzali, aeroport, atom elektr stansiyasi joylashgan Bandar Abbos, Qeshm oroli va Busher hududlaridagi inshootlar shikastlangani aytildi. Maʼlumotlarga ko‘ra, yetti kishi halok bo‘lgan.
Shuningdek, Tehron Quvayt va Bahrayndagi Amerika harbiy infratuzilmasiga zarbalar berilganini eʼlon qildi. Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) esa Suriyadagi At-Tanf bazasida joylashgan AQSH maxsus operatsiyalar kuchlarining qo‘mondonlik markaziga hujum qilganini bildirdi. IIPKning taʼkidlashicha, ushbu operatsiya Eron hududidagi harbiylarning halok bo‘lishiga javoban amalga oshirilgan.
Eron Hormuz bo‘g‘ozi ustidan to‘liq nazoratni saqlab qolishini va Amerika zarbalari to‘xtagunicha u orqali neft va gaz eksportiga yo‘l qo‘ymasligini maʼlum qildi. Xalqaro energetika agentligi rahbari Fatih Birol hozirgi vaziyat saqlanib qolsa, yaqin haftalarda global energetika bozori uchun jiddiy xatarlar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Keskinlikka qaramay, Oq uy Vashington va Tehron o‘rtasidagi aloqalar davom etayotganini maʼlum qildi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livittning aytishicha, Eron hamon AQSH bilan kelishuv imzolashdan manfaatdor.
“Biz ular bilan muzokaralar olib borayapmiz. Ammo prezident ularning bo‘g‘ozdagi kemalarni oqibatlarsiz o‘qqa tutishiga yo‘l qo‘ymaydi”, – dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron hamon prezident bilan bitim tuzishni istayotganini ochiq bildirgan.
Donald Tramp o‘z telemurojaatida AQSH armiyasi Eronga jiddiy talafot yetkazayotgani va bu harakatlar natijalari tez orada namoyon bo‘lishini taʼkidladi. “Biz Eron ustidan ulkan g‘alabaga erishayapmiz. Buning natijalari tez orada ko‘rinadi”, – deya maʼlum qildi u.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi