Chexiya investorlari Jizzaxda yirik suv loyihasini amalga oshirmoqchi

Sentabr 01, 2026. 09:00 • 2 daq

157
Chexiya investorlari Jizzaxda yirik suv loyihasini amalga oshirmoqchi

PRAGA, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida “I.K.S group a.s.” kompaniyasi raisi Karel Shimak va uning hamkorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Jizzax viloyatida suvni tozalash va chuchuklashtirish, oqova va sho‘r suvlarni qayta ishlash, shuningdek, maishiy va sanoat chiqindilaridan organik hamda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi yirik investitsiya loyihasi muhokama qilindi.

Loyiha doirasida mahalliy tadbirkor ishtirokida “Luxe Shedevr Garden” MCHJ qo‘shma korxonasi tashkil etilgan. Dastlabki bosqichda Arnasoy tumanida suv tozalash inshootini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu bosqich uchun investitsiya hajmi taxminan 200 million yevro deb baholanmoqda. Yakuniy summa inshoot quvvati va texnik parametrlar aniqlangach belgilanadi.

Chexiya tomoni “ARBOK Water Desalination & Brine Utilization Technology” texnologiyasini taqdim etdi. Mazkur texnologiya suvni, jumladan, sho‘r suvlarni tozalash va chuchuklashtirish, shuningdek, jarayonda hosil bo‘ladigan konsentrlangan sho‘r eritmani qayta ishlashga mo‘ljallangan.

Tashabbuskorlar texnologiyani O‘zbekiston sharoitida joriy etishdan avval laboratoriya prototipini sinab ko‘rish va natijalarni mustaqil akkreditatsiyalangan laboratoriyalarda tekshirishni rejalashtirmoqda. Loyihani asosan xorijiy investitsiyalar, jumladan, “I.K.S group a.s.” va uning hamkorlari konsorsiumi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish taklif etilmoqda.

Ayni paytda loyiha bo‘yicha asosiy muzokaralar Jizzax viloyati hokimligi bilan olib borilmoqda. Keyingi bosqichda suvga bo‘lgan ehtiyoj, tozalash quvvati va boshqa texnik talablar aniqlanib, shundan so‘ng loyihaning yakuniy investitsiya hajmi va moliyaviy modeli ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish