Kosuke Uemura: Har safar O‘zbekistonga tashrif buyurganimda, bu xalqning mehmondo‘stligi, samimiyligi va mehnatsevarligini his qilaman

Sentabr 01, 2026. 12:00 • 5 daq

90
Kosuke Uemura: Har safar O‘zbekistonga tashrif buyurganimda, bu xalqning mehmondo‘stligi, samimiyligi va mehnatsevarligini his qilaman

TOKIO, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning “Sojitz” korporatsiyasi prezidenti va bosh direktori Kosuke Uemura O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berib, O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi va Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar boshlanganining 10 yilligi nishonlanmoqda. Sizningcha, mamlakatdagi ishbilarmonlik va investitsiya yo‘nalishida qaysi o‘zgarishlar ahamiyatli?

– Joriy yil iyun oyidagi tashrifim davomida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida ishtirok etib, hukumatning ko‘plab vakillari bilan uchrashdim.

Mamlakatda islohotlarni muhokama qilishdan ularni amalga oshirish bosqichiga ishonch bilan o‘tilayotgani menda eng katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekistonda sarmoyadorlar bilan muloqot juda ochiq ruhda kechadi, biror muammo yuzaga kelgan taqdirda, tegishli idoralar birgalikda yechim izlaydi.

Xizmat safari davomida Investitsiyalar, sanoat va savdo, Transport, Energetika, Sog‘liqni saqlash hamda Tashqi ishlar vazirliklari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda davlat va xususiy sektor birgalikda harakat qilayotganiga amin bo‘ldim.

– “Sojitz” hozirda O‘zbekiston bilan hamkorlikda qanday loyihalarni amalga oshirmoqda va mavjud hamkorlikning qaysi yo‘nalishlarini alohida taʼkidlagan bo‘lardingiz?

– Ayni paytda korporatsiyamiz O‘zbekistonda to‘rtta yirik loyiha bo‘yicha ish olib bormoqda.

Birinchisi – Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurish loyihasi. Joriy investitsiya forumi doirasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, qurilish yakunlangach, u yiliga 20 milliongacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan Markaziy Osiyodagi yirik va yetakchi aeroportlardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Navoiy viloyatida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi ham ahamiyatli hisoblanadi. 2024-yilda loyihani ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv imzolangan bo‘lib, hozirda asosiy shartnomalar, jumladan, elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimni tuzish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Bu loyiha O‘zbekistonning “yashil” energetika sohasidagi maqsadlariga erishishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Shuningdek, Samarqandda 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha nafaqat shifoxona qurilishini, balki boshqaruv sohasidagi nou-xaularni taqdim etish va tibbiyot kadrlarini tayyorlashni ham o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, “Sirdaryo-2” gaz elektr stansiyasini qurish loyihasi muvaffaqiyatli davom etmoqda. Qurilishni yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Stansiya ishga tushirilgach, mamlakatning barqaror energiya taʼminotiga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.

– O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya va innovatsiyalarni ustuvor yo‘nalishlar sifatida rivojlantirmoqda. Bu borada “Sojitz”ning mamlakatimizda yangi loyihalarni ishga tushirish yoki mavjud loyihalarni kengaytirish bo‘yicha qanday imkoniyatlari mavjud?

– O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalariga ega. Shu bois 2030-yilga borib “yashil” energiyaning ulushini sezilarli darajada oshirishni maqsad qilib qo‘ygan.

Shu bilan birga, elektr uzatish infratuzilmasi hamda energiyatejamkor va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda infratuzilmani boshqarish yo‘nalishlarida ham katta imkoniyatlar ochilmoqda.

Biz Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan shifokor va hamshiralarni tayyorlash, yuqori texnologiyali tibbiyot, PET markazlari va saraton diagnostikasi masalalari yuzasidan fikr almashdik. Yaponiya texnologiyalari va nou-xaularidan foydalanib, aholi turmush sifatini yaxshilashga hissa qo‘shish imkoniyatiga egamiz.

– Siz O‘zbekiston Prezidenti bilan ham uchrashishga muvaffaq bo‘ldingiz. Ushbu muloqot davomida hamkorlikning keyingi yo‘nalishlari bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilab olindi?

– Bizni “Uzoq muddatli sheriklik” degan umumiy g‘oya birlashtirib turadi. O‘zbekiston nafaqat moliyaviy vositalar, balki mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan texnologiyalar, kadrlar tayyorlash, ish o‘rinlari yaratish va yuqori sifatli investitsiyalarga ham muhtoj. Bu bizning kompaniyamiz yondashuvlariga to‘la mos keladi.

Shu bois, biz elektr stansiyalari, aeroportlar va shifoxonalar kabi infratuzilmalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqchimiz. Eng muhimi, O‘zbekiston kelajagini barpo etish uchun zarur bo‘ladigan yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga intilamiz.

– Yaqin yillar ichida “Sojitz”ning O‘zbekiston bilan sherikligini rivojlantirish uchun qaysi tarmoq yoki loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi?

– Transport, logistika, energetika va sog‘liqni saqlash sohalarida keng imkoniyatlar bor. Xususan, Toshkentning yangi xalqaro aeroporti O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning aviatsiya va logistika markaziga aylantiradi.

Bundan tashqari, “Sirdaryo-2” gaz elektr stansiyasi va Navoiy viloyatidagi shamol elektr stansiyasi iqtisodiy o‘sish uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasining barqaror yetkazib berilishini taʼminlash hamda energetik o‘tishni ilgari surishga salmoqli hissa qo‘shadi.

Samarqanddagi shifoxona qurilishi loyihasi doirasida nafaqat tibbiy infratuzilmani rivojlantirishga, balki kadrlar tayyorlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga ham o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.

O‘zbekistonga tashrifim chog‘ida hukumat vakillari bilan energetika infratuzilmasi, jumladan, elektr tarmoqlarini takomillashtirish, energiyani tejash, gaz tashish infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qildik. Biz o‘ta muhim minerallar va resurslar bo‘yicha fikr almashmoqdamiz hamda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqayapmiz.

Kompaniyamiz ayni damda amalga oshirilayotgan loyihalarning ishonchli ijrosini kafolatlaydi. Biz kelgusida ham yangi sohalarda faoliyatimizni kengaytirib, O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga o‘z hissamizni qo‘shishda davom etamiz. O‘zbekiston bilan nafaqat investor, balki uzoq muddatli hamkor sifatida birga yuksalish niyatidamiz.

– Mustaqillikning 35 yilligi hamda Yangi O‘zbekiston islohotlarining 10 yilligi munosabati bilan mamlakat xalqiga tilaklaringiz?

– Avvalo, mamlakat xalqini mustaqillikning 35 yilligi hamda Yangi O‘zbekiston islohotlari boshlanganining 10 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Har safar O‘zbekistonga tashrif buyurganimda, bu xalqning mehmondo‘stligi, samimiyligi va mehnatsevarligini his qilaman.

So‘nggi tashrifim chog‘ida ko‘plab hukumat vakillari, ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashdim. Ularning barchasi o‘z Vatani kelajagiga katta ishonch va iftixor tuyg‘usi bilan yashayotganini his qildim. O‘ylaymanki, xalqning aynan mana shunday fazilatlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining tayanchidir.

Yaponiya va O‘zbekiston o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarga tayanib, ko‘p yillardan buyon yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Kelgusida bu munosabatlar nafaqat iqtisodiy sohada, balki kadrlar tayyorlash, texnik hamkorlik va madaniy almashinuv kabi keng yo‘nalishlarda ham rivojlanib boradi.

Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik bo‘layotgan korporatsiyamiz bundan keyin ham sheriklikni rivojlantirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi.

O‘zbekiston yana-da gullab-yashnasin! O‘zbek xalqiga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat tilab qolaman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish