Denis Manchevich: O‘zbekiston va Iordaniya hamkorligi katta iqtisodiy imkoniyatlarga ega
Noyabr 26, 2026. 15:00 • 2 daq
• 146
LYUBLYANA, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Sloveniya Yangi universitetining xalqaro munosabatlar kafedrasi dots.nti Denis Manchevich “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, siyosiy muloqotni amaliy iqtisodiy hamkorlik bilan boyitish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Mazkur hamkorlikka 2025-yil avgust oyida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning Samarqandga davlat tashrifi mustahkam zamin yaratdi. Keyingi davrda tomonlar o‘zaro aloqalarning huquqiy va institutsional asoslarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, vizasiz rejimning joriy etilishi, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, Qo‘shma ishbilarmonlik kengashini tashkil etish hamda 300 turdagi tovarni qamrab oluvchi Imtiyozli savdo kelishuvi ikki mamlakat iqtisodiy yaqinlashuviga xizmat qilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston va Iordaniya hamkorligi faqat savdo yoki investitsiya bilan cheklanib qolmay, sanoat kooperatsiyasi, zamonaviy texnologiyalar va bilim almashinuviga ham asoslanmoqda.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli o‘sdi. 2017–2025-yillarda o‘zaro savdo qariyb 10 barobarga oshgan, 2025-yilning o‘zida 79,2 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Bu ko‘rsatkich ikki mamlakat tashqi savdosida Iordaniya va O‘zbekiston ulushi hali juda kichik ekanini ko‘rsatadi. Ayni paytda, ushbu holat hamkorlik salohiyati to‘liq ishga solinmaganidan dalolat beradi.
Iordaniyaning import hajmi va O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini hisobga olganda, elektrotexnika, mashinasozlik, plastmassa, to‘qimachilik, mis va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida shakllanayotgan hamkorlik modeli ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchi imkoniyatlariga asoslanadi. Uning muvaffaqiyati savdo hajmini oshirish, qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, texnologiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tashqi bozorlarga birgalikda chiqish bilan belgilanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi