Bokuda O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

May 31, 2026. 16:30 • 2 daq

73
Bokuda O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Bokuda O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Bokuda O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

BOKU, 31-may. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjon poytaxtida O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarining uchinchi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ozarbayjon Fan va taʼlim vazirligi hamda “Ingla School Baku” taʼlim kompaniyasi ko‘magida o‘tkazildi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning 16 ta yetakchi oliy o‘quv yurtining 30 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

Ko‘rgazma doirasida ikki mamlakat taʼlim muassasalari vakillari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish, xalqaro standartlar va raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

Ko‘rgazma davomida tibbiyot, jurnalistika, muhandislik ishi, transport va logistika, axborot texnologiyalari kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar hamda boshqa zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha taʼlim dasturlari namoyish qilindi.

Mazkur anjuman Ozarbayjon jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Xususan, “Azertag.az”, “Cross Media”, “Redaktor.az”, “Report.az” va “Sherg.az” kabi yetakchi nashrlari hamda “Ictimai TV” va “ARB24” telekanallari tomonidan keng yoritildi.

Taʼkidlanishicha, 2025-yilda bo‘lib o‘tgan birinchi ko‘rgazma yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tahsil olayotgan ozarbayjonlik talabalar soni bir yil ichida o‘n barobarga ortib, mamlakatimizda taʼlim olishga qiziqish bildirgan yoshlar soni esa 5 ming nafardan oshgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish