“The Gulf Observer”: Toshkent xalqaro investitsiya forumi – O‘zbekistonning Yevroosiyoning yetakchi investitsiya markazlaridan biriga aylanishga bo‘lgan intilishi ramzidir
May 31, 2026. 15:00 • 3 daq
•
ISLOMOBOD, 31-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «The Gulf Observer» elektron nashrida “TXIF-2026: O‘zbekiston global investorlar uchun o‘z eshiklarini ochmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Iqtisodiy qudrati tobora ortib borayotgan O‘zbekiston 2026-yil 16–19-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) orqali yana bir bor xalqaro hamjamiyat eʼtiborini o‘ziga qaratishga tayyorlanmoqda, – deyilgan maqolada muqaddimasida. – Forum global investorlar, davlat rasmiylari, xalqaro moliya institutlari va ko‘p millatli korporatsiyalarni yagona maydonda birlashtiradi”.
Materialda taʼkidlanganidek, bu yilgi forumning “Investitsiya barqarorligi: Yangi chegaralar, yangi hamkorliklar” mavzusi global iqtisodiy noaniqliklar sharoitida barqaror sherikliklar va xavfsiz investitsiya modellarini shakllantirishga qaratilgan.
Pokiston elektron nashri yozganidek, so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biriga aylandi. YAIMning barqaror o‘sishi, eksport hajmining ortishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining ko‘payishi Toshkentni mintaqaviy iqtisodiy muhokamalar markaziga aylantirdi. O‘zbekiston hukumati yirik xususiylashtirish dasturlarini ham jadal surʼatlarda amalga oshirmoqda. Tahlilchilar fikricha, mazkur islohotlar O‘zbekistonning jahon kapital bozorlariga integratsiyalashuvi uchun mustahkam zamin yaratib, mamlakat iqtisodiy kelajagiga bo‘lgan xalqaro ishonchni oshirmoqda.
“Bu yilgi forumning eng muhim mavzularidan biri yangi tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi (TIFC) hisoblanadi. 2026-yilda prezident farmoni asosida tashkil etilgan mazkur markaz O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy xabga aylanish yo‘lidagi asosiy tayanchlaridan biri sifatida qaralmoqda. Moliya markazi xalqaro arbitraj tizimini o‘z ichiga oladi, shuningdek, global kapital va ko‘p millatli moliya institutlarini jalb qilish maqsadida uzoq muddatli soliq imtiyozlari va investorlarni himoya qilish mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, bu yil forum ishtirokchilari soni yanada ko‘payishi kutilmoqda. Forum dasturidan o‘nlab panel muhokamalari, yuqori darajadagi B2B va B2G uchrashuvlari, investitsiya taqdimotlari hamda xususiy sektor sammitlari o‘rin olgan. Shuningdek, CAEx markazida bo‘lib o‘tadigan Milliy sanoat va investitsiya salohiyati ko‘rgazmasi O‘zbekistonning sanoat imkoniyatlari, ishlab chiqarish salohiyati va texnologiyalarga asoslangan loyihalarini namoyish etadi.
“Toshkent xalqaro investitsiya forumi – 2026 oddiy iqtisodiy tadbirdan ancha keng maʼnoni anglatadi. U O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga tobora chuqurroq integratsiyalashuvi va Yevroosiyoning yetakchi investitsiya hamda moliya markazlaridan biriga aylanishga bo‘lgan intilishining ramzidir”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Toshkentdagi O‘zbek-Turk media forumida 40 dan ortiq xorijiy jurnalist ishtirok etadi

Pokiston OAV: O‘zbekistonning YEOII davlatlari bilan hamkorligi tobora kengaymoqda


