G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 73 mingdan oshdi

Iyun 29, 2026. 20:30 • 2 daq

94
G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 73 mingdan oshdi

TOSHKENT, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi 2023-yil 7-oktyabrdan buyon Isroil harbiy harakatlarida kamida 73 ming 54 falastinlik halok bo‘lganini, yana 173 480 kishi jarohatlanganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Jazeera” telekanaliga tayanib.

Shuningdek, vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, kelishuv kuchga kirganidan beri amaldagi sulhga qaramay, 1040 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Taʼkidlanishicha, Falastin eksklavidagi vayron bo‘lgan binolar vayronalari ostida hali ham minglab qurbonlar jasadi qolib ketgan.

So‘nggi bir kunda 3 nafar marhumning jasadi shifoxonalarga yetkazildi, 43 nafar jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Dam olish kunlari Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalari kamida to‘rt kishining hayotiga zomin bo‘ldi, ular orasida 13 yoshli qiz ham bor. Yana bir necha kishi jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan.

Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Isroil asirligidan ozod qilingan 14 nafar falastinlikni Kerem Shalom nazorat-o‘tkazish punkti orqali G‘azo sektorining markaziy qismidagi “Al-Aqso shahidlari” kasalxonasiga olib borishda yordam berganini, ularning oilalari bilan birlashishiga ko‘maklashganini maʼlum qildi.

Tashkilotning taʼkidlashicha, 2023-yildan buyon 2,5 mingdan ortiq ozod qilingan mahbuslar shu tarzda ko‘chirilgan. Biroq, qo‘mita Isroil ularga boshqa falastinlik mahbuslar bilan uchrashishga ruxsat bermayotganini maʼlum qilgan.

Telekanal muxbirining so‘zlariga ko‘ra, Isroil avvalroq o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida xavfsiz hudud sifatida belgilangan G‘azo shahrining bir qismidagi chodirli lagerlarga intensiv havo hujumlarini davom ettirmoqda. Shu bilan birga, Isroil qo‘shinlari G‘azo shahrining sharqiy hududlarida quruqlikdagi operatsiyani kengaytirmoqda.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish