Prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi Turkologiya qurultoyining 100-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro kongress qatnashchilariga tabrigi
Iyun 29, 2026. 18:59 • 4 daq
• 10
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Avvalo, turkiy dunyoning qadimiy va boy tarixi, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish hamda targ‘ib etishdek g‘oyat muhim ishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan siz, azizlarni bugungi xalqaro kongressning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bundan bir asr muqaddam, 1926-yilda Boku shahrida o‘tkazilgan birinchi Turkologiya qurultoyi turkiy xalqlarning ilm-fani va madaniy hayoti rivojida yangi davrni boshlab bergan katta tarixiy voqea bo‘lgan edi. Mazkur qurultoyda 11 nafar taniqli o‘zbek ziyolisi ishtirok etganini biz hamisha faxr bilan esga olamiz.
Bugun ushbu qutlug‘ sanani xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirokida keng nishonlar ekanmiz, ushbu anjuman turkiy xalqlarni birlashtirib turgan mushtarak qadriyatlarga yuksak hurmat va ehtirom ifodasidir.
Hech shubhasiz, milliy xotiramizda o‘chmas iz qoldirgan o‘sha tarixiy qurultoy haqida so‘z yuritganda, turkiy dunyo jadidlarining buyuk xizmatlarini yana bir bor e’tirof etamiz.
Darhaqiqat, XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida ulug‘ ma’rifatparvar Ismoil G‘aspirali “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oya asosida boshlab bergan ulkan ishlar butun turkiy olamda qudratli milliy uyg‘onish harakatiga aylandi.
Mazkur harakat saflarida O‘zbekistondan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Is’hoqxon Ibrat, Abdulhamid Cho‘lpon va Abdulla Qodiriy kabi fidoyi ziyolilar faol ishtirok etib, turkiy xalqlar o‘rtasida ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya va madaniy taraqqiyot g‘oyalarini keng yoyishda alohida jonbozlik ko‘rsatdilar.
Ular g‘oyat og‘ir va murakkab sharoitda maktablar, gazeta va jurnallar, muzey, kutubxona va teatrlar tashkil etdilar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari, islohotchilik ruhidagi badiiy asarlari hamda siyosiy-ijtimoiy faoliyatlari bilan bepoyon turkiy makonga yangi zamon nafasini olib kirdilar.
Afsuski, mustabid siyosat tufayli bu qahramon ajdodlarimizning asosiy qismi mudhish qatag‘onlar qurboniga aylandi. Ammo ularning ezgu g‘oyalari, ilmiy merosi va ma’rifatparvarlik an’analari biz uchun bugungi kunda ham ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda tarixiy adolatni tiklash, jadid namoyandalarining merosini chuqur o‘rganish, ularning ilmiy va adabiy asarlarini keng targ‘ib etish, tabarruk nomlarini abadiylashtirish hamda yosh avlodni ularning ma’naviy jasorati ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hurmatli kongress qatnashchilari!
Buyuk ajdodlarimizning bilim-ma’rifat, ochiq dunyoqarash, milliy hamda umumbashariy qadriyatlarga asoslangan erkin va farovon hayot barpo etish haqidagi boy ilmiy-g‘oyaviy merosi biz uchun hozirgi kunda ham muhim ahamiyatga egadir.
Albatta, turkiy davlatlar bilan ilm-fan, madaniyat, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishda ham biz umumiy o‘tmishimizdagi ijobiy tajribalarga tayanamiz.
Tabiiyki, dunyo yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotgan bugungi sharoitda turkologiya fani oldida ham yangi-yangi dolzarb vazifalar paydo bo‘lmoqda.
Ayniqsa, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, umumturkiy elektron lug‘atlar va til korpuslarini yaratish, tarixiy manbalarni birgalikda tadqiq etish, yosh turkolog tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda hamjihat ish olib borishni zamonning o‘zi talab etmoqda.
Biz bu boradagi hamkorlik istiqbollarini yanada kengaytirish maqsadida birinchi Turkologiya qurultoyining 100-yilligi munosabati bilan turkiy davlatlarning yetakchi ilmiy markazlari ishtirokida “Turkiy dunyo ma’rifatparvarlari” xalqaro ilmiy-ensiklopedik loyihasini yaratish hamda jadidlik harakati namoyandalarining barcha asarlari va arxiv hujjatlarining yagona raqamli kutubxonasini shakllantirishni taklif qilamiz.
Ishonchim komil, ushbu xalqaro kongress turkologiya sohasidagi ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, samarali tadqiqotlar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda turkiy xalqlar o‘rtasida do‘stlik va birdamlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim tarixiy qadam bo‘ladi.
Ana shunday g‘oyat mas’uliyatli va sharafli ishda faol ishtirok etib kelayotgan siz, azizlarga mustahkam sog‘liq, ilmiy hamda ijodiy faoliyatingizda yutuq va omadlar, kongress ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Birinchi Turkologiya qurultoyining 100-yillik qutlug‘ sanasi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi