Yaponiyaning yetakchi turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishdi
Iyun 29, 2026. 21:00 • 2 daq
• 75TOKIO, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning yetakchi turoperatorlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashrif O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamkorligida amalsha oshirildi.
Safar chog‘ida Yaponiya sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi (JATA) hamda “World Air Service Co., Ltd.”, “Hankyu Travel International Co., Ltd.”, “All Season Travel Co., Ltd.”, “Kuoni Tumlare Japan, Inc.”, “New Japan Tourist Co., Ltd.” va “Orange Inc.” shirkatlari vakillari ishtirok etdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari “Toshkent – Termiz – Boysun – Samarqand – Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab mamlakatimizning madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik va etnografik turizm salohiyati bilan tanishdi.
Xususan, mehmonlar Surxondaryo viloyatidagi Fayoztepa, Qoratepa va Zurmala budda yodgorliklarini, Al-Hakim at-Termiziy va Sulton Saodat majmualarini, Qirqqiz qal’asini, Sangardak sharsharasini, Boysun hunarmandchilik markazini hamda Tangisar darasini borib ko‘rdi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida Registon maydoni, Imom al-Buxoriy majmuasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Bibixonim masjidi, “Boqiy shahar” majmuasi, Amir Temur maqbarasi va Afrosiyob muzeyiga tanishtiruv tashriflari uyushtirildi.
Safar doirasida Termiz, Samarqand va Toshkent shaharlarida mahalliy sayyohlik kompaniyalari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning sayyohlik mahsulotlari, yangi yo‘nalishlari, transport-logistika imkoniyatlari va mehmonxona infratuzilmasi taqdimot qilindi.
Yaponiyalik turoperatorlar O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini, turistik yo‘nalishlarning xilma-xilligini, ayniqsa, Surxondaryo viloyatining buddaviylik merosi va ekoturizm imkoniyatlarini yuqori baholadi.
Shuningdek, mehmonlar kelajakda yapon sayyohlari oqimini oshirish maqsadida mamlakat bo‘ylab yangi marshrutlarni ishlab chiqish va hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








