Venesuelada kamida 32 kishining hayotiga zomin bo‘lgan ikki kuchli zilziladan so‘ng favqulodda holat e’lon qilindi

Iyun 25, 2026. 10:45 • 3 daq

176
Venesuelada kamida 32 kishining hayotiga zomin bo‘lgan ikki kuchli zilziladan so‘ng favqulodda holat e’lon qilindi
“Reuters” agentligi surati

KARAKAS, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Venesuela hukumati 24-iyun kuni kechqurun taxminan bir daqiqa farq bilan sodir bo‘lgan 7,2 va 7,5 magnitudali ikki kuchli zilziladan so‘ng favqulodda holat e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligiga tayanib.

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodrigesning bugun ertalab ma’lum qilishicha, tabiiy ofat oqibatida kamida 32 kishi halok bo‘lgan, 700 ga yaqin kishi jarohatlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etishi bilan qurbonlar soni ortishi mumkin.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, eng jiddiy zarar dengizbo‘yi shtati bo‘lgan La-Guayraga yetgan. “O‘nlab binolar qulab tushgan va biz hozircha qutqarish mumkin bo‘lgan insonlar hayotini saqlab qolishdek og‘ir vazifa bilan shug‘ullanmoqdamiz”, – deya bayonot berdi u.

Zilzilalar mahalliy vaqt bilan soat 18:00 dan sal o‘tib (Toshkent vaqti bilan 25-iyun, soat 03:00) sodir bo‘lgan. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 7,2 magnitudali birinchi yerosti silkinishi mamlakatning Karib dengizi sohilida, Karakasdan taxminan 168 kilometr uzoqlikda, 22 kilometr chuqurlikda qayd etilgan. Bir daqiqadan so‘ng 10 kilometr chuqurlikda 7,5 magnitudali ikkinchi zilzila ro‘y bergan.

Delsi Rodriges mamlakatning bir necha shtatida vayronagarchiliklar bo‘lganini xabar qildi. Karakas yaqinidagi Simon Bolivar nomidagi xalqaro aeroport jiddiy shikastlangani sababli yopildi. Shuningdek, poytaxtda metro ishi va tabiiy gaz ta’minoti to‘xtatib qo‘yildi. Ta’lim vazirligi bir necha kunga darslar bekor qilinishini, ayrim maktab binolaridan vaqtinchalik boshpana va gumanitar yordam yig‘ish punktlari sifatida foydalanilishini e’lon qildi.

Falkon shtati gubernatori Viktor Klark zilziladan bir necha soat o‘tib, 32 kishi shifoxonaga yotqizilgani va 15 kishi vayronalar ostida qolayotganini ma’lum qildi.

Bir qator tumanlarda binolarning qulashi, elektr uzatish liniyalarining shikastlanishi hamda elektr energiyasi va mobil aloqada uzilishlar kuzatildi. Hukumat fuqarolarni takroriy silkinishlar xavfi tufayli xotirjamlikni saqlashga va binolar tashqarisida qolishga chaqirdi.

Zilzilalar Venesuela bo‘ylab, shuningdek, Kolumbiya va Braziliyaning bir qator shaharlarida ham sezildi. AQSh, Argentina, Braziliya, Ekvador, Meksika, Panama, Urugvay va Janubiy Amerikaning boshqa mamlakatlari Venesuelaga yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Ta’kidlash joizki, Venesuela bir nechta tektonik yoriqlar yaqinida joylashgan bo‘lsa-da, mamlakatda kuchli zilzilalar nisbatan kam sodir bo‘ladi. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Lotin Amerikasidagi zilzilalarning aksariyati Tinch okeani olov halqasi bo‘ylab yuz beradi va bu dunyodagi barcha zilzilalarning qariyb 90 foizini tashkil etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish