Chun Je-su: Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Avgust 09, 2026. 10:00 • 2 daq
• 100
PUSAN, 9-avgust. /“Dunyo” AA/. Koreya Respublikasi Pusan shahri hokimi Chun Je-su O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Assalomu alaykum! Men Pusan shahri aholisi nomidan O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
O‘tgan 35 yil davomida O‘zbekiston tinimsiz izlanish va innovatsion taraqqiyot yo‘li orqali Markaziy Osiyoning muhim davlatlaridan biriga aylandi. Buyuk Ipak yo‘lidek shonli tarixga tayangan holda jadal taraqqiyot sari intilayotgan O‘zbekiston xalqining matonati va salohiyatiga chuqur hurmat bildiraman.
2023-yilda Yevroosiyo sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand shahri bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini o‘rnatganimizdan buyon biz o‘zaro ishonch va mustahkam do‘stlikka asoslangan aloqalarni rivojlantirib kelmoqdamiz.
Shu vaqt ichida yuqori darajadagi qator uchrashuvlar, madaniy almashinuv tadbirlari o‘tkazildi. Ikki davlat yoshlari ham o‘zaro tashriflarni amalga oshirib, kelajakdagi yana-da ulkan hamkorlik uchun poydevor yaratmoqda.
Pusan va Toshkent shaharlari o‘rtasida sheriklikning yangi yo‘nalishlari ochilmoqda. Yaqin kunlarda Pusan shahrining "Yevroosiyo ekspeditsiyasi" delegatsiyasi Toshkent shahriga tashrif buyurib, shaharlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishi kutilmoqda.
Shaharlarimiz o‘rtasidagi bunday hamkorlik Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikni yana-da mustahkamlash, o‘zaro farovonlik va taraqqiyotni taʼminlashda ishonchli tayanch bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik abadiy bo‘lishini, O‘zbekistonning taraqqiyoti va ravnaqi yana-da yuksalishini tilayman. O‘zbekiston xalqini yana bir bor Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy qutlayman!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi