“Daily News Hungary”: Toshkent mediaforumi islom sivilizatsiyasini targ‘ib etishda yangi imkoniyatlar taqdim etdi
Sentabr 03, 2026. 14:30 • 2 daq
• 61
BUDAPEShT, 3-sentabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” axborot portalida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, forumga 46 mamlakatdan 200 nafarga yaqin ommaviy axborot vositalari xodimlari, kinematograflar va raqamli texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar jam bo‘ldi.
Tadbirning asosiy maydoni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Muallifning taʼkidlashicha, forumdagi asosiy muhokama zamonaviy raqamli avlod uchun tarixiy va madaniy merosni dolzarblashtirish masalasiga qaratilgan.
Qayd etilishicha, jurnalistikaning asosiy mezonlari bo‘lgan haqqoniylik va xolislikni qatʼiy saqlagan holda sunʼiy intellekt, immersiv texnologiyalar hamda striming platformalaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning nutqiga, “CNN”, “Euronews” va “BBC Studios” kabi xalqaro media sanoati gigantlarining ishtirokiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Materialda Toshkent mediaforumi uzoq muddatli xalqaro hamkorlikka poydevor qo‘ygani, O‘zbekistonning global imijini shakllantirishda anʼana va innovatsiyalarning muvaffaqiyatli uyg‘unlashuvini namoyon etgani taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi