Mehmet Seyfettin Erol: O‘zbekistonning ochiq va pragmatik siyosati uning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlamoqda
Sentabr 03, 2026. 13:00 • 3 daq
• 6
ANQARA, 3-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Anqara inqiroz va siyosatni o‘rganish markazi (ANKASAM) raisi, professor Mehmet Sayfettin Erol O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Dunyo”AA orqali xalqimizga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– O‘zbekiston mustaqillikning 35 yili davomida yangi taraqqiyot bosqichini boshdan kechirdi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning ichki va tashqi qiyofasini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Yangi O‘zbekiston siyosatida ochiqlik, pragmatizm, milliy manfaatlarni himoya qilish va amaliy natijaga erishish ustuvor yo‘nalishga aylandi.
Bu jarayonda Turkiya bilan har tomonlama strategik sheriklik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tarixiy va madaniy yaqinlikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlar so‘nggi yillarda siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarni qamrab olgan keng hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yaqin aloqalar mamlakatning xalqaro maydonga yana-da faol integratsiyalashuviga ham xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatida asosiy eʼtibor aniq muammolarga amaliy yechim topish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Bu, avvalo, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda yaqqol namoyon bo‘ldi. Chegara, suv resurslari va boshqa murakkab masalalarni muloqot va kelishuvlar orqali hal etishga qaratilgan yondashuv mintaqada o‘zaro ishonchni mustahkamlashga yordam berdi.
Bugungi geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan sharoitda Toshkent ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritmoqda. Xitoy, Rossiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya va boshqa davlatlar bilan munosabatlar o‘zaro manfaat va teng huquqlilik tamoyillari asosida rivojlantirilmoqda. Bu yondashuv O‘zbekistonga muvozanatni saqlagan holda milliy manfaatlarini ilgari surish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonning geografik joylashuvi ham tashqi iqtisodiy siyosatda muhim omil hisoblanadi. Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakat sifatida transport va logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish strategik ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Osiyo va Yevropani bog‘lovchi O‘rta koridordagi ishtiroki, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi hamda Kaspiy orqali Janubiy Kavkaz va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar muhimdir.
Ozarbayjon bilan munosabatlarning jadal rivojlanishi ham O‘zbekistonning transport va geoiqtisodiy ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bu hamkorlik Markaziy Osiyoni Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yangi iqtisodiy imkoniyatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy sohada ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston uran, oltin, tabiiy gaz va boshqa strategik resurslardan foydalanishda ochiqlikni kuchaytirib, jahon bozori bilan integratsiyani kengaytirmoqda. “Yashil” energetika, raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ham iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning muhim qismidir.
Bu o‘zgarishlarning g‘oyaviy asoslaridan biri – Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Uchinchi Renessans konsepsiyasidir. Ushbu g‘oya O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy-madaniy merosini zamonaviy bilim, texnologiya va innovatsiyalar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi mamlakatning bosib o‘tgan yo‘lini sarhisob qilish bilan birga, kelgusi maqsadlarni belgilash uchun ham muhim davrdir. Ochiq iqtisodiyot, faol diplomatiya, transport va energetika loyihalari, mintaqaviy hamkorlik hamda Turkiya kabi strategik sheriklar bilan yaqin aloqalar O‘zbekistonning Yevroosiyodagi o‘rnini mustahkamlamoqda.
Tashkilotimiz nomidan butun O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yilligi bilan chin ko‘ngildan tabriklayman.
Qardosh o‘zbekistonlik birodarlarimizga doimo tinchlik-omonlik, farovonlik va muvaffaqiyatlar tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi