O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasidagi qator tadbirlarda ishtirok etmoqda
Aprel 16, 2026. 20:31 • 3 daq
• 99
TOSHKENT, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Istanbul shahrida Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida o‘tkazilgan Parlament ayol aʼzolari forumi hamda Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining 5-konferensiyasida ishtirok etdi.
Forum “Nizolarning kuchayishi hamda ayollar va qizlar huquqlarining qisqarishi” mavzusiga bag‘ishlanib, unda global nizolar sharoitida xotin-qizlarning huquqlarini taʼminlash, ularning taʼlim olish, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi. Mamlakatimizda ayollarning taʼlim olishi, iqtisodiy faolligini oshirish hamda qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinib, tizimli dasturlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yondashuv forum ishtirokchilari tomonidan ilg‘or tajriba sifatida eʼtirof etildi.
Shu bilan birga, global miqyosda ayollar huquqlarining poymol etilishi, gender zo‘ravonlik, odam savdosi va majburiy nikoh kabi tahdidlarga qarshi kurashish va ularning oldini olishda parlamentlar oldida turgan ustuvor vazifalar yuzasidan qator tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekiston tomonidan xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani bildirilib, ishtirokchilar Buxoro shahrida joriy yilning 14–15-may kunlari bo‘lib o‘tadigan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumiga taklif etildi.
Bundan tashqari, “Qo‘shilmaslik harakati mintaqasida iqlim o‘zgarishiga bardoshli urbanizatsiyani taʼminlashda parlamentlar roli” mavzusiga bag‘ishlangan Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining 5-konferensiyasida shaharlar misli ko‘rilmagan surʼatlarda rivojlanayotgan bir sharoitda global iqlim muammolariga yechim topish, ularning oldini olishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish hamda uning ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda zamonaviy huquqiy asoslarni shakllantirish, iqlim siyosatining amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, “yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Shuningdek, parlamentlar nafaqat qonun ijodkorligi jarayonida, balki uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantirish, byudjet qo‘llab-quvvatlovini taʼminlash hamda milliy va xalqaro darajada hamjihatlikni ilgari surishda muhim o‘rin tutishi alohida taʼkidlandi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar Qo‘shilmaslik harakatiga aʼzo davlatlarning iqlimga bardoshli, xavfsiz va inklyuziv urbanizatsiyani taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimligini yana bir bor tasdiqladi. Parlamentlararo hamkorlikni yana-da mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi