“Associated Press of Pakistan” AA: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi deb eʼtirof etildi
Aprel 16, 2026. 19:11 • 2 daq
• 25
ISLOMOBOD, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan” axborot agentligi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro miqyosdagi eʼtirofiga bag‘ishlangan maqolani tarqatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) ushbu Markazni rasman “Turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi” deb eʼlon qilgan. Bu muhim voqea haqida tashkilot Bosh kotibi Sulton Rayev Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan, Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya doirasida maʼlum qilgan.
Nashrda qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qisqa muddatlarda bunyod etilgan markaz bugungi kunda nafaqat noyob meʼmoriy inshoot, balki Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bog‘lovchi ramziy ko‘prik sifatida ham baholanmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxaliqovning fikricha, mazkur mega-loyiha turkiy makondagi eng yirik tashabbuslardan biriga aylangan. Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston kabi davlatlarni birlashtirgan TURKSOY tashkiloti ko‘pincha “Turkiy dunyoning YUNESKOsi” deb ataladi. Ushbu mamlakatlarning muzey fondi qariyb 1300 ta obyektni o‘z ichiga olishini hisobga olsak, O‘zbekistondagi markazning ular orasida eng yaxshi deb topilishi uning chuqur anʼanalar va innovatsion yechimlarni o‘zida mujassam etgan noyob madaniy-ilmiy muassasa ekanini ifodalaydi.
Maqola yakunida tadbirning xalqaro ishtirokchilari fikrlari keltirilgan bo‘lib, ular mazkur mukofot markazning yuqori xalqaro nufuzi hamda turkiy xalqlar madaniy merosini saqlashdagi asosiy rolining yorqin dalili ekanini eʼtirof etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi