O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistondagi tarixiy-madaniy meros obyektlarini o‘rgandi
Oktabr 13, 2026. 10:00 • 2 daq
• 110MAZORI SHARIF, 13 oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Madaniy meros agentligi direktori o‘rinbosari Azizjon Aripjonov boshchiligidagi delegatsiyaning Afg‘onistonga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya vakillari tashrif davomida Afg‘onistondagi buyuk o‘zbek allomalari va mutafakkirlarining maqbaralari, tarixiy-madaniy obidalarini o‘rgandi, ularni saqlash va qayta tiklash bo‘yicha afg‘on tomoni bilan fikr-mulohaza almashdi.
Vakillarimiz Balx, Taxor, Sari-Pul va Faryob viloyatlaridagi tarixiy va madaniy meros obidalari hamda ularning bugungi kundagi holati bilan yaqindan tanishdi, yodgorliklar bo‘yicha kerakli ma’lumotlarni to‘pladi.
Mehmonlar Mazori Sharifdagi Ravzai muborak maqbarasi, Taxor viloyati Ishkamish uyezdidagi Bobo Rahim Mashrab ziyoratgohi, Sari-Pul shahridagi g‘ishtdan qurilgan tarixiy ko‘prik, Xisht pul va Eidgoh masjidlarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, Imomzoda Yahyo maqbarasi, Faryob viloyati Andxoy uyezdidagi Bobo Vali Jon madrasa majmuasi, Alisher Navoiy tomonidan xayriya usulida qurilgan Bobo Vali hovuzi va Mirsaid Baraka me’moriy obidasi bilan tanishdi.
Afg‘onistonning madaniyat sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda madaniy meros obidalarini qayta tiklash bo‘yicha O‘zbekistonda katta tajriba va yetuk mutaxassislar mavjudligi ta’kidlandi. Mamlakat hududidagi tarixiy obidalarni kelajak avlodlarga asl holida yetkazish borasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbek va afg‘on xalqlarini asrlar davomida mustahkam tarixiy, madaniy va diniy rishtalar bog‘lab turishi, ikki xalq Markaziy Osiyo va Xuroson mintaqasida yonma-yon yashab, umumiy tarix, madaniyat va qadriyatlarni shakllantirgani ta’kidlandi. Shuningdek, Afg‘onistondagi boy madaniy meros obidalarida o‘zbek xalqining munosib hissasi borligi e’tirof qilindi.
Afg‘onistondagi tarixiy-madaniy meros obyektlari bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ilib, tahlil qilinib, obidalarni asrab-avaylash hamda qayta tiklash bo‘yicha o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolanishi rejalashtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








