Britaniyada O‘zbekistonning qishki turistik salohiyati targ‘ib qilinmoqda
Oktabr 13, 2026. 09:00 • 2 daq
• 38
LONDON, 13-oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ushbu mamlakatdagi «Wild Frontiers» kompaniyasi bilan hamkorlikda yurtimizning qishki turistik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan maxsus axborot kampaniyasini amalga oshirmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlarida «Qishni Ipak yo‘li xazinalari yurtida o‘tkazing» shiori ostida O‘zbekistonga qishki sayohatlarni targ‘ib qiluvchi maxsus materiallar e’lon qilindi.
Ushbu tashabbuslardan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonni Britaniya turistik bozorida yil davomida sayohat qilish mumkin bo‘lgan jozibador turistik yo‘nalish sifatida ilgari surishdan iborat.
Nufuzli sarguzasht va madaniy turoperator hisoblangan «Wild Frontiers» targ‘ibot materiallarida O‘zbekistonning qish faslidagi o‘ziga xos muhitiga alohida urg‘u berilgan. Kompaniya ta’biri bilan aytganda, qishda Ipak yo‘lida o‘ziga xos joziba paydo bo‘ladi.
Britaniyalik sayyohlarga mamlakatimizning tarixiy-me’moriy merosi bilan bir qatorda, O‘zbekistonning turli hududlaridagi betakror tabiat manzaralari, sahro hududlari, an’anaviy bozorlar, milliy taomlar va xalqimizning mehmondo‘stligi bilan yaqindan tanishish taklif etilmoqda.
Xususan, sayyohlar sahroning betakror muhiti va milliy bozorlarning yorqin ranglaridan bahramand bo‘lishlari, shuningdek, xonadonlarda tayyorlangan milliy taomlar orqali o‘zbekona mehmondo‘stlik muhitini his qilishlari mumkin.
Elchixona tomonidan Britaniyaning turizm sohasidagi yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur targ‘ibot ishlari O‘zbekistonga sayyohlar oqimini kengaytirish va O‘zbekistonning xalqaro turistik bozordagi mavqeini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
«Wild Frontiers» bilan hamkorlikdagi mazkur loyiha ham O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, tabiiy imkoniyatlari va milliy mehmondo‘stligini Britaniya auditoriyasiga zamonaviy targ‘ibot vositalari orqali yetkazish, mamlakatimizni yangi mavsumiy turistik mahsulotlar orqali keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi