O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusning penitensiar muassasalaridagi vatandoshlar holidan xabar oldi

May 19, 2026. 17:25 • 2 daq

127
O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusning penitensiar muassasalaridagi vatandoshlar holidan xabar oldi
O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusning penitensiar muassasalaridagi vatandoshlar holidan xabar oldi

MINSK, 19-may. /“Dunyo” AA/. MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining xalqaro anjumanidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Belarus IIV JIDga qarashli Tergov hibsxonasi va Mahkumlar uchun respublika shifoxonasini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi aʼzosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev, Ombudsman devonining yetakchi maslahatchisisi Doniyor To‘rayev, mamlakatimizning Minsk shahridagi konsuli Nodir Usarov hamda MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Yevgeniya Paramonova ishtirok etdi.

Bunda penitensiar muassasada saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalarini o‘rganish hamda zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish masalalari asosiy diqqat markazida bo‘ldi.

Tashrif chog‘ida tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbat o‘tkazildi. Ularga o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarish, vakolatli organlarga murojaat qilish imkoniyatlari hamda konsullik muassasasi bilan o‘zaro aloqa qilish tartibiga oid ayrim masalalar tushuntirildi.

Muloqot asnosida hibsxonasida saqlanayotgan yurtdoshlarimizning protsessual kafolatlarga rioya etish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tartibi to‘g‘risida zarur axborot olishini taʼminlash holatlari o‘rganildi. Ularning konsullik yordamidan foydalanish imkoniyatini yaratish, shuningdek, yaqinlari bilan aloqa qilib turishi kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Mamlakatmiz delegatsiyasining mazkur tergov hibsxonasida bo‘lishi va O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashishi MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi faoliyati doirasida davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashga, Belarus hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizni huquqiy qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim amaliy tadbir bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish