Singapurdan munosabat: Ishonch - Toshkent xalqaro moliya markazi muvaffaqiyatining asosiy omili
Oktabr 07, 2026. 10:30 • 3 daq
• 3
SINGAPUR, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. “Business Media” nashrida “Toshkent xalqaro moliya markazi: O‘zbekiston Singapur va Shveysariya tajribasidan nimalarni o‘rganmoqda?” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifi, germaniyalik taniqli moliyaviy tahlilchi va investor Rayner-Mixael Praysning ta’kidlashicha, O‘zbekiston iqtisodiyotini jahon bozoriga integratsiya qilish jarayonida Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM)ni tashkil etish muhim qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.
Nashrda yozilishicha, xalqaro moliya markazini faqat qonunlar, soliq imtiyozlari yoki zamonaviy infratuzilma orqali yaratib bo‘lmaydi. Eng muhim omil – ishonch. Investor shartnomalar bajarilishi, qonunlar barqarorligi, sud tizimi mustaqilligi va kapitalining siyosiy omillardan himoyalanganiga ishonch hosil qilishi kerak.
Shu nuqtayi nazardan, Singapur va Shveysariya tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu davlatlar moliyaviy markaz sifatida, avvalo, huquqiy aniqlik, samarali nazorat, institutsional barqarorlik va yuqori malakali mutaxassislar ekotizimini shakllantirgan.
Materialda Toshkentning eng katta ustunligi sifatida uning Markaziy Osiyodagi geografik va iqtisodiy mavqei ko‘rsatilgan. O‘zbekiston mintaqa iqtisodiyotidagi yirik bozor, aholisi ko‘p davlat va faol xususiy sektorga ega mamlakat sifatida Markaziy Osiyo kapitali bilan global kapital o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi mumkin.
Buning uchun TXMM faqat banklarni emas, balki investitsiya va aktivlarni boshqarish kompaniyalari, xususiy kapital fondlari, sug‘urta, fintex, islom moliyasi, yuridik va auditorlik xizmatlari, kastodianlar hamda oilaviy ofislarni birlashtirgan to‘liq moliyaviy ekotizimga aylanishi zarur.
Muallif xususiy kapital va biznesni boshqarish sohasiga alohida e’tibor qaratgan. Markaziy Osiyoda yangi tadbirkorlik kapitali shakllanayotgan bir paytda, uning bir qismi hozircha Dubay, London, Singapur yoki Shveysariya kabi markazlar orqali boshqarilmoqda. Toshkentda ishonchli huquqiy va institutsional sharoit yaratilishi ushbu kapitalning bir qismini mamlakat ichida boshqarish imkonini beradi.
Xalqaro moliya markazining obro‘si iqtisodiy shaffoflikka bevosita bog‘liq. Pul yuvishga qarshi kurash, benefitsiar mulkdorlarni ochiqlash, sanksiya talablariga rioya qilish va belgilangan standartlarni kuchaytirish TXMM uchun to‘siq emas, aksincha, uning raqobatbardoshligini oshiradigan omil sifatida qaralishi zarur.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston Singapur yoki Shveysariyani to‘liq takrorlashi shart emas. Toshkent o‘zining Markaziy Osiyodagi mavqeiga tayangan o‘ziga xos moliyaviy modelini yaratishi lozim. Bu jarayonning natijasi bir necha yilda emas, balki o‘nlab yillar davomida shakllanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi