“Diplomacy Journal”: O‘zbekiston va Qirg‘iziston strategik sherikligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Iyul 30, 2026. 11:00 • 2 daq

126
“Diplomacy Journal”: O‘zbekiston va Qirg‘iziston strategik sherikligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

SEUL, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “Diplomacy Journal” nashrida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning strategik sheriklik aloqalariga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, so‘nggi yillarda ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch misli ko‘rilmagan darajada mustahkamlandi. Barcha bahsli chegara masalalarining tarixiy va o‘zaro manfaatli tarzda hal etilishi chegaraoldi hududlarida savdo-sotiq, erkin harakatlanish va iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Nashrda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik dinamikasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi kabi mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalari hamda “Qambarota GES-1” energetika inshootini birgalikda barpo etish tashabbuslari Markaziy Osiyoning yangi iqtisodiy xaritasini shakllantirayotgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalar va xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari jadal rivojlanayotgani eʼtirof etilgan.

Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlagan tashqi siyosati tufayli Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni taʼminlovchi muhim omilga aylanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish